Oxirgi daqiqa

Farg‘ona viloyati hokimi Qirg‘iz Respublikasining «Dank» ordeni bilan taqdirlandi

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovni O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi hamda savdo va iqtisodiy masalalarida qilgan xizmatlari uchun “Dank” ordeni bilan taqdirladi.

Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimida mazkur mukofot Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov tomonidan viloyat hokimiga topshirildi.

-O‘zbekiston Respublikasi Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozarovni “Dank” ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, -dedi Sadir Japarov.- Ma’lumki, u qo‘shni Botken va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda katta rol o‘ynagan. Uning qirg‘iz va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash, ikki davlat tadbirkorlarining o‘zaro hamkorligini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan hissasini alohida ta’kidlamoqchiman. Zero, “Qo‘shnisi yaxshi bo‘lganning hovlisi tinch”, deb bejiz aytilmagan.

M.Sulaymonov, O‘zA