“Andijon polkasi” 100 yoshda

“Andijon polkasi” 100 yoshda

Andijon viloyatida “Andijon polkasi” raqs oyligi e’lon qilindi. Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan "Andijon polkasi" milliy raqsi yaratilganligining 100 yilligi hamda “Andijon polkasi” xalq ansambli tashkil etilganligining 65 yilligi, qolaversa, ushbu raqs san’ati ommaviyligini oshirish maqsadida viloyatda “Andijon polkasi” oyligi o‘tkazilmoqda.

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida taniqli musiqachi, O‘zbekiston Xalq artisti Orif (garmon) Toshmatov tomonidan yaratilgan raqs “Andijon polkasi” nomi bilan ma’lum va mashhur bo‘ldi. Andijon polkasi 2/4 (yoki 4/4) musiqa o‘lchovi, odatda sof major tonalligi, sho‘x siyrati bilan ajralib turadi. Raqs bir tomondan o‘zbek mumtoz kuylari, ikkinchi tomondan boshqa xalqlar folklor kuylari namunalariga ohangdosh. “Andijon polkasi” surnay, qo‘shnay, shuningdek, garmon tovushqatoriga xos diatonik tuzilmalari, odatiy sho‘x kuy yo‘nalishlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan.

– Oylikni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad “Andijon polkasi” raqsini keng targ‘ib etish, mazmunan yanada boyitish va ommaviyligini oshirish, – deydi Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhaboxon Sattorova. – Qolaversa, ushbu raqsning o‘ziga xos jozibasi orqali yoshlarda ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.

Ayni kunlarda oylik doirasida viloyatdagi mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida milliy raqs ijrosi bo‘yicha tadbirlar, tanlovlar bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, jamoat transportlari, bozorlar, avto va temiryo‘l vokzallari, madaniyat va istirohat bog‘lari, umuman, aholi gavjum bo‘ladigan maskanlarda ushbu raqs ommaviyligini oshirish bo‘yicha chelenjlar, fleshmoblar o‘tkazilmoqda. Umuman, viloyatda “Andijon polkasi” raqsining 100 yilligi keng nishonlanmoqda.

F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA