Oxirgi daqiqa

"O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarimiz hamkorlik doirasidan ham kengroq"

2024-yil 12-14-may kunlari Samarqand shahrida Osiyo xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning BMT minbarida bildirgan tashabbusiga binoan tashkil etilayotgan forumda Belarus ayollar ittifoqi raisi Olga Shpilevskaya ham ishtirok etadi.

U forum oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi: – Jahon iqtisodiyotida eng katta ulushga ega davlatlar Osiyo mintaqasida joylashgani bois ushbu forumdagi ishtirokimiz biz uchun muhim. Sababi, biz bu davlatlar qanchalik jadal rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz. Ularning yutuqlari sog‘liqni saqlash, innovatsiyalar sohalarida, shuningdek, ayrim texnologik yechimlarda ham mavjud. Shu bois, tajriba almashish juda foydali bo‘ladi. Belarus va O‘zbekiston ayollari o‘rtasida azaldan do‘stona munosabatlar mavjud. Ikki davlat tadbirkor ayollar forumi samarali o‘tgan va unda aniq shartnomalar imzolangan. Bizning do‘stona munosabatlarimiz ishbilarmonlik va hamkorlik doirasidan ko‘ra kengroq. Forum 10 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, har bir soha keng muhokama qilinadi. Bunga gender tenglik va xotin-qizlarning iqtisodiyotdagi, davlat boshqaruvidagi, jamiyat hayotidagi ishtiroki, atrof-muhit va oilaviy muammolari kiradi. Bularning barchasi ayollar uchun manfaatlidir.

Shu bois, o‘ylaymanki, bu tajriba almashish va muloqotlar barcha mamlakat ayollari uchun foydali va muhim bo‘ladi. Senat Raisiga ushbu forumga bizni taklif qilgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Belarus xotin-qizlarining sizlar bilan bo‘lishmoqchi bo‘lgan ma’lumotlari yetarlicha. Chunki bizning jamoat tashkilotimiz barcha davlat organlari vakillari – biznes va sog‘liqni saqlash vakillarini o‘z ichiga olgan tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunda belarus ayollarining davlat boshqaruvidagi ishtiroki ham katta. Shuning uchun biz o‘z tajribamiz bilan o‘rtoqlashishdan mamnunmiz.

N.Abduraimova, O‘zA