Joriy yilning 10-12-may kunlari “Tashkent City” bog‘ining ochiq maydonida ilk bor Toshkent xalqaro kofe va choy festivali bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston “MAKON” festivallari assotsiatsiyasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Toshkent shahar hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etiladigan ushbu festivalda 60 dan ortiq kompaniya o‘z imkoniyatini namoyish etadi.
Festivaldan ko‘zlangan maqsad ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro muloqotni tashkil qilish, qahva va choy madaniyatining nafisligi va rang-barangligiga alohida e’tibor qaratish, dunyoning turli xalqlari an’anaviy choy ichish marosimlari bilan tanishish, shuningdek, o‘zbekning o‘ziga xos choy ichish an’analarini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Festival doirasida bir qator tadbirlar o‘tkaziladi. Xususan, Pro.Run yugurish maktabi va O‘zbekiston oshpazlar assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etiladigan tadbirlar shular jumlasidandir. Bu yilgi asosiy yangilik respublika aholisi va festival mehmonlarining ekologik muammolardan xabardorligini oshirishga qaratilgan alohida ekologik blok bo‘ladi.
Unda ekologiya bo‘yicha mahorat darslari, atrof-muhit va ekologik muammolarga bag‘ishlangan flesh-moblar va graffitilarni o‘z ichiga olgan ekologik tashabbuslarga e’tibor qaratiladi.
Festivalda sanoatning ekologik jihati, jumladan, qahva va choy sektoridagi muammolar va yechimlar bo‘yicha panel muhokamalari, shuningdek, ekologik toza qadoqlash va barqaror iste’mol bo‘yicha seminarlar o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA