Oxirgi daqiqa

O‘zbek va qirg‘iz adabiy aloqalarida yangi bosqich

Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga

Parkent tumani Qirg‘izovul hududidagi 33-umumta’lim maktabida buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 95 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, O‘zbekiston-Qirg‘iziston do‘stlik jamiyati rahbari Zuhriddin Isomiddinov, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyati bo‘limi rahbari Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon hamda tuman faollari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari va yoshlar qatnashdi.

Jahon adabiyoti xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli yozuvchi Chingiz Aytmatovning asarlari xalqimiz tomonidan qiziqish bilan o‘qiladi. U nafaqat qirg‘iz eli, butun turkiy mamlakatlar uchun ham aziz va qadrlidir. Yozuvchi o‘zbek adabiyoti va san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st va ijodiy hamkor bo‘lgan. Ijodiy faoliyati davomida uning “Jamila”, “Sarvqomat dilbarim”, “Bo‘tako‘z”, “Birinchi muallim”, “Momo yer”, “Somon yo‘li”, “Alvido, ey Gulsari”, “Oq kema”, “Sohil yoqalab chopayotgan olapar”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Kassandra tamg‘asi”, “Cho‘qqida qolgan ovchining ohu zori” kabi ko‘plab asarlari dunyoning qator tillariga tarjima qilingan. Chingiz Aytmatovning mehnatlari qadrlanib, davlatimiz tomonidan “Do‘stlik” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Chingiz Aytmatov qoldirgan badiiy meros xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbir ishtirokchilari 33-umumta’lim maktabida xotirasini abadiylashtirish maqsadida o‘rnatilgan adibning byustiga gul qo‘ydi. Uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Bugungi kunda o‘zbek va qirg‘iz adabiy aloqalari yangi bosqichda rivojlanmoqda. “Turkiy adabiyot xazinasidan” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 ta jildi qirg‘iz adabiyotiga ajratildi. Bu majmuaga qirg‘iz adabiyotining atoqli namoyandalari qatorida bugungi kunda faol ijod qilayotgan qirg‘iz shoir va yozuvchilarining she’r va hikoyalari o‘zbek tiliga tarjima qilib kiritildi. Shuningdek, qator o‘zbek ijodkorlarining she’riy va nasriy asarlari qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, chop etilmoqda.

Tadbir doirasida Qirg‘izistonning “Turar” nashriyotida atoqli yozuvchi Xayriddin Sultonning “Yo‘qchilik va to‘qchilik” nomli qirg‘iz tilida nashr etilgan nasriy to‘plami taqdimoti ham bo‘ldi. To‘plamga adibning “Dunyoning siri”, “Onamning yurti”, “Qog‘oz gullar”, “Yo, Jamshid!” va boshqa qator hikoyalari kiritilgan. Ular Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Abdikarim Murotov tomonidan tarjima qilingan.

Tadbir yakunida ta’lim dargohi kutubxonasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan badiiy kitoblar sovg‘a qilindi. Maktab o‘quvchilari bilan tashkil etilgan davra suhbati qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi.

A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA muxbirlari.