O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi kengaymoqda

O‘zbekiston – Turkiya hamkorligi kengaymoqda

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy aloqalar ko‘p asrlarga borib taqaladi. Aynan shu rishtalar diplomatik va iqtisodiy munosabatlar uchun mustahkam poydevor yaratgan.

Turkiya mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan va diplomatik aloqa o‘rnatgan. Dastlabki davrlardayoq ko‘p qirrali hamkorlik shakllanib, diplomatik almashinuv imkoni yaratilgan.

Istanbul shahrida bosh konsul lavozimida faoliyat olib borgan Abror G‘ulomov o‘zining “Istanbul daftari” kitobida shunday yozadi:

Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an davlatimiz rahbarining 2017-yilning oktyabr oyidagi Turkiyaga tashrifi chog‘ida Anqarada Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripovning “O‘zbekiston Vatanim manim” she’ridan parcha o‘qib, davomli olqishga sazovor bo‘lgandi. 2018-yil aprel oyi oxirida esa mamlakatimizga tashrifi doirasida Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaatini Xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning “O‘zbegim” qasidasi turkcha tarjimasidan parcha o‘qish bilan boshlagan.

Bu misollar Turkiya va O‘zbekiston rahbarlarining madaniy almashinuv orqali diplomatik aloqani mustahkamlashga qaratilgan mislsiz sa’y-harakatiga yaqqol dalildir.

O‘zbekiston – Turkiya munosabatlarini ilm-fan va ta’lim sohalaridan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi.

Ikki davlat universitetlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri sheriklik kun sayin rivojlanmoqda. Ayni payt texnika va muhandislik sohasidagi fanlarni rivojlantirishga, ushbu sohada kadrlar tayyorlash bilan bog‘liq ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Energetika, mashinasozlik, arxitektura va qurilish, to‘qimachilik va kimyo sanoati texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va farmatsevtika ham ustuvor yo‘nalishlar sirasiga kiradi.

Masalan, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Istanbulning nufuzli universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolagan. Samarqand davlat universitetida Turkiya madaniyati markazi ochilgan, yana bir qator turk universitetlari bilan talabalar uchun yozgi maktablar tashkil etilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya munosabat sezilarli darajada iliqlashgani oliy darajadagi tashrif va kelishuvlarda aks etmoqda. Rejep Tayyip Erdog‘anning 2022-yilda O‘zbekistonga tashrifi yakunida savdo, sarmoya, ta’lim va texnologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ko‘plab shartnomalar imzolandi.

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda akademik salohiyatni oshirish va innovatsion yondashuvni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchi navbatda talabalar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish o‘zaro tajribani boyitadi. Ushbu dasturlar bir-biri madaniyati, tilini o‘rganish va akademik hamkorlik o‘rnatish imkonini beradi. Bir semestr yoki o‘quv yilini chet elda o‘tkazish orqali talaba dunyoqarashini kengaytiradi, qimmatli qo‘shimcha ma’lumotga ega bo‘ladi, do‘stlar orttiradi.

Madaniy almashinuv va turizm sohasidagi hamkorlik bo‘yicha joriy holat va istiqboldagi vazifalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston va Turkiyaning boy merosi, an’analarini namoyish etuvchi qo‘shma madaniy tadbirlar – festival, ko‘rgazmalar tashkil etish har ikki mamlakat musiqa, raqs, san’at, gastronomiya turizmi, vakillari, hunarmandlari, ijrochilari, madaniyat ixlosmandlari fikr va tajriba almashishi uchun tabiiy platforma vazifasini o‘taydi.

Turizm infratuzilmasiga sarmoya kiritish sayyohlik tajribasini oshirishi, turizm barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Madaniy obidalarga kirish imkoniyatini yaxshilash, turistlar uchun qulaylik yaratish, zarur xizmatlar mavjudligini ta’minlash tashrif buyuruvchilar sonini oshirishi barobarida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, Turkiya va O‘zbekiston hamkorligi ulkan salohiyatga ega. Ta’limga sarmoya kiritishni davom ettirish, madaniy almashinuv ko‘lamini kengaytirish va intellektual qiziqishni rivojlantirish orqali ikkala xalq yanada yorqin, o‘zaro bog‘iq dunyoga yo‘l ochishi mumkin.

Marjona Abdurahmonova,

O‘zDJTU Jurnalistika fakulteti talabasi,

O‘zA