Oxirgi daqiqa

Buxoroda Xalqaro turizm kuni nishonlandi

Buxoro shahridagi muhtasham to‘rt yulduzli “Sahid Zarafshon” mehmonxonasida joriy yil davomida turizm yo‘nalishida o‘z hissasini qo‘shgan hamkorlar hamda faol soha vakillarini taqdirlashga bag‘ishlangan “Bukhara Tourism Awards–2023” marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov so‘zga chiqdi. Yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi va so‘nggi yillarda viloyatda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida to‘xtaldi.

Davlat rahbari tashabbusi bilan yurtimizda turizm sohasini rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Yangi turistik mahsulotlar tatbiq qilinmoqda. Yangidan yangi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilmoqda, Sayyohlarga katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Soha rivoji yo‘lida mavjud bo‘lgan barcha to‘siqlar olib tashlanmoqda. Turizm rivojiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga esa qator imtiyozlar taqdim etilmoqda. Bu o‘z navbatida Buxoroga kelayotgan sayyohlar va ziyoratchilar soni yil sayin keskin ko‘payishiga zamin yaratmoqda.

Tahlillarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, yurtimizda viza rejimi mavjudligi sabab, sayyohlar oqimi yuqori emas edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida 77 ta davlatga vizasiz rejim joriy qilindi. 100 dan ortiq davlatga viza tartibining soddalashtirilgani bu boradagi mavjud salohiyatni oshirdi. Buning natijasida 2016 yilda viloyatga 101 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilning 9 oyi bilan 985 ming nafarga yetdi.

Turizm tarmog‘ida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida 2016 yilga qadar viloyatda bor-yo‘g‘i 112 ta mehmonxona faoliyat yuritgan. Bugungi kunga kelib ularning umumiy soni 527 taga yetdi. Natijada Buxoroda bir vaqtning o‘zida 13,7 ming sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Viloyatga “Hyatt regency”, “Hilton”, “Wyndham” “Mercure” kabi xalqaro mehmonxona brendlari kirib keldi. Yirik mehmonxonalarning ishga tushishi orqali xalqaro standartlarga javob beradigan 2 ta 4 yulduzli va 4 ta 3 yulduzli mehmonxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Viloyatda bir necha turizm xizmatlarini ko‘rsata oladigan turizm ob’ektlari paydo bo‘lmoqda. Jumladan, “Devel Eco Group” MCHJ tomonidan xorijiy va mahalliy sayyohlarga mehmonxona, SPA, fitnes, MICE turizm, gastronomik turizm xizmatlarini ko‘rsatuvchi turistik klaster faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

“Qadimiy tungi bozor” ham ayni turistik klasterning ajralmas qismi sifatida qisqa vaqtda qurib bitkazildi. “Sahid Zarafshon” mehmonxonasiga tutash hududda joylashgan mahalliy va xorijiy sayyohlarga tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi ushbu bozor hududida 15 dan ortiq ko‘chma savdo ob’ekti, meva va sabzavotlar, quruq mevalar rastalari, hunarmandchilik, tabiiy sharbat, kofe va salqin ichimliklar savdosi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Endilikda ushbu “Qadimiy tungi bozor” da 50 dan ortiq o‘zbek yigit-qizlari muqim ish bilan band bo‘lishadi.

Tadbir doirasida Buxoro shahrida 10 ta mehmon uyi rasman faoliyat boshlashi munosabati bilan onlayn taqdimot ham o‘tkazildi.

Shundan so‘ng viloyatning sayyohlik salohiyatini oshirishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan turizm sohasining faol vakillari, qolaversa, qator hamkor tashkilotlarga turli nominatsiyalar bo‘yicha diplom va statuetkalar topshirildi. Tadbirda O‘zbekiston Milliy Axborot agentligining Buxoro viloyati bo‘yicha fototmuxbiri Tohirjon Istatov ham hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘ygani uchun taqdirlandi.

Tadbir qatnashchilari “Qadimiy tungi bozor” faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi. Folklor etnografik jamoalarining chiqishlari ishtirokchilar va sayyohlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Ma’lumot uchun: 1979 yil 27 sentyabr kuni Ispaniyaning Torremolino shahrida Butunjahon turizm tashkilotining Ustavi qabul qilingan. Uning Bosh assambleyasi tomonidan mazkur sana “Xalqaro turizm kuni” sifatida belgilangan. Aksariyat dunyo mamlakatlarida Xalqaro turizm kuni bayram sifatida nishonlanadi. Sana munosabati bilan turizm yo‘nalishlariga bag‘ishlangan turli xil tadbir va festivallar o‘tkaziladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),

O‘zA muxbirlari.