MDHga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining uchrashuvi

MDHga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining uchrashuvi

25-26-aprel kunlari Toshkent shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari Kengashining 78-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Mehmonlar dastlab Bojxona qo‘mitasida bo‘lib, Bojxona rasmiylashtiruvi markazi va Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

2021-yilda Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy laboratoriyasi maqomini qo‘lga kiritgan Markaziy bojxona laboratoriyasi dunyo bo‘ylab ana shunday maqomga ega 10 ta laboratoriyadan biri hisoblanadi.

Yil boshidan buyon bu yerda 430 dan ziyod bojxona ekspertizalari amalga oshirilgan bo‘lib, bu davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri va to‘liq undirilishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi vaqtlarda laboratoriyada ekspertiza turlarini kengaytirish va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Darvoqe, shu vaqtga qadar asosan rus, ingliz va fransuz tillarida qo‘llanib kelingan Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi joriy yildan e’tiboran ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

2023-yilning 29-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida ishga tushirilgan Bojxona rasmiylashtiruvi markazi ham mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

“Raqamlashtirishdan bosh tortayotgan rahbar – korrupsiyani yo‘q qilishga intilmagan rahbar!” Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mazkur tamoyil bojxona organlarida ham ustuvor yo‘nalish kasb etmoqda.

Bojxona rasmiylashtiruvi markazi esa ayni shu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarning yaqqol ifodasi bo‘lib, bojxona xizmatlarining sifati va tezligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Markaz ishida Janubiy Koreya, Isroil, Germaniya, Yaponiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi 30 ga yaqin davlat tajribasi o‘rganildi.

Bu yerda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etildi.

Markazda amaliyotga tatbiq etilgan axborot tizimlari xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, aviakompaniyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilindi.

Ishni tashkil etishda tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olindi.

Natijada, joriy yil birinchi choragining o‘zida eksportda 90 foiz, importda esa 80 foiz bojxona yuk deklaratsiyalari soddalashtirilgan tartibda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazildi.

Eksportda deklaratsiyalarning 39 foizi, importda esa salkam 10 foizi inson omilisiz, sun’iy intellekt ko‘magida rasmiylashtirildi.

Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari tomonidan bojxona idoralariga masofadan turib taqdim etiladigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish jarayonlari amalga oshirilayotgan bo‘lsa, keyinchalik respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.

Muhimi, bunda bojxona xodimlari va tadbirkorlarning bevosita muloqoti cheklangan. Tovarlar rasmiylashtiruvida yagona yondashuvga erishish orqali tadbirkorlar xarajatini qisqartirishga erishilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida yildan yilga tashqi savdo ko‘rsatkichlarining o‘sib borayotgani, ayniqsa, chegara bojxona postlari orqali harakatlanayotgan fuqarolar, tovar va transport vositalari sonining oshib borishi o‘zaro hamkorlikni raqamlashtirish hisobiga yanada chuqurlashtirishni taqozo etishini ta’kidladi.

***

Bugun O‘zbekiston anjumanlar saroyida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari Kengashining 78-majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov ochib berdi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashqi siyosatda olib borilayotgan ochiq, faol va konstruktiv muloqot O‘zbekiston va MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida so‘nggi 7-yillikdagi ko‘rsatkichlarda ham o‘zining munosib ifodasini topmoqda.

O‘zbekiston va MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro tovar aylanmasi so‘nggi 7-yilda 2,5 barobarga oshgan.

Jumladan, Armaniston bilan 10 barobarga, Ozarbayjon bilan 8 barobarga, Tojikiston bilan 5 barobarga, Belarus va Qirg‘iziston bilan 3 barobarga, Rossiya va Qozog‘iston bilan 2,5 barobarga oshgan.

Bu esa O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegara-bojxona postlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar hamda temir yo‘l va avto yuk transport vositalari muttasil o‘sib borayotganidan ham dalolat beradi.

Demak, MDH doirasidagi mavjud texnik maydoncha va platformalarda elektron tijoratni yanada rivojlantirish, bunda mavjud to‘siqlarni zudlik bilan bartaraf etishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.

Bu borada O‘zbekiston bojxona xizmati so‘nggi ikki yilda qator natijalarga erishdi.

Jumladan, xavflarni tahlil qilish orqali biznesni qo‘llab-quvvatlashga asoslangan raqamli infratuzilmaga asos solindi.

Ma’lumki, MDHga a’zo davlatlar bir-birlari yo‘lga qo‘yilgan ikki tomonlama hamkorlik doirasida qator sohalarda axborot almashib turishadi. Lekin, bunda ayrim ma’lumotlarning hamon qog‘oz ko‘rinishida almashilayotgani tashqi savdoning tezkorligiga halal bermoqda.

Masalan, tomonlar bir-biriga bojxona imtiyozlarini taqdim qilishlarida hal qiluvchi hujjat sanaluvchi tovar kelib chiqishiga doir sertifikatlarning hamon qog‘oz shaklida taqdim qilinayotganini zamonaviy dunyoda hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Yig‘ilishda Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida ushbu hujjatni raqamli shaklda almashishni yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

Shuningdek, MDH doirasida tovarlarning erkin harakatlanishidagi to‘siqlar va cheklovlarni kamaytirish, yuk tranziti harakatini tezlashtirish, tovarlarni dastlabki deklaratsiyalashda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishga ko‘maklashish o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga aylanishi lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda kontrafakt tovarlarning transchegaraviy olib o‘tilishiga qarshi kurashishda hamda moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishda o‘zaro axborot almashish amaliyotini kengaytirish ilgari surildi.

Bu esa MDHning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda iqtisodiy rivojlanish strategiyasida belgilangan maqsadlarga birgalikda erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Majlisda bojxona nazoratini tashkil etish, kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, bojxona ekspertizasi, shuningdek kengash faoliyati hamda tashkiliy turdagi 12 ta masala ko‘rib chiqildi va yakuni bo‘yicha tegishli qaror imzolandi.

O‘zA