Oxirgi daqiqa

Agrar sohada Xitoy bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Yuqori hosildor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishda Xitoy tajribasi o‘ziga xos samaraga ega.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov Xitoy Xalq Respublikasining «China Datang Overseas Investment» kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi direktori Vang Hao bilan uchrashdi.

Unda agrar sohada hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, uchrashuvda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, resurslardan samarali foydalanish va eksport salohiyatini oshirish muhimligi ta’kidlandi, deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotida.

Shuningdek, Jizzax viloyatida rejalashtirilayotgan loyihalar yuzasidan fikr almashildi. Lalmi va yaylov yerlaridan oqilona foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surildi. Loyihalar samaradorligini oshirish va ularni yangi yo‘nalishlar bilan kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Shu bilan birga, tajriba almashish va ikki tomonlama ishchi guruhlarini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi. Mutaxassislar o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ilg‘or usullarni joriy etishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Natijada hamkorlikning keyingi bosqichlari va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

A.RUSTAMOV, O‘zA