Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavallud topgan kun!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun — 24-iyul kuni o‘zining 67 yoshini qarshi oldi.

Davlat rahbari 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida tavallud topgan.

Mehnat faoliyatini 1981-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990-yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992-yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996-2001-yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003-yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib bordi.

Sh.M.Mirziyoyev 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

2016-yil 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida parlament palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

19-oktabr kuni Toshkentda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII syezdi bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini Prezidentlikka tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilindi. 2016-yil 4-dekabr kuni bo'lib o'tgan Prezident saylovi yakunlari bo'yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016-yil 14-dekabrda rasman o'z vazifasini bajarishga kirishdi.