Oxirgi daqiqa

Samarqand – Tyanszin sanoat parki tashkil etiladi

Xitoy Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi, Tyanszin shahri partiya qo‘mitasi kotibi Chen Miner boshchiligidagi delegatsiya bugun Samarqandda bo‘ldi.

Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi E.Turdimov kutib oldi.

E.Turdimov va Chen Miner uchrashuvida Samarqand viloyati va Tyanszin shahri o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.

Samarqand viloyati hokimi hududning iqtisodiy salohiyati, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar haqida ma’lumot berdi. Xitoy kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, qo‘shma korxonalar faoliyati va kelgusidagi rejalarga e’tibor qaratildi.

Tomonlar elektrotexnika, farmatsevtika, turizm va boshqa sohalarda birgalikda loyihalarni amalga oshirish, ikki hudud tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan takliflarini bildirdi. Shuningdek, Samarqand va Tyanszin zamonaviy sanoat parkini tashkil etish masalasi muhokama etildi.

Uchrashuvda qayd etilgan masalalar yuzasidan amaliy ishlarga kirishish, qo‘shma biznes forum va tadbirkorlar uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib olindi.

Xitoy delegatsiyasi viloyatdagi ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan ham tanishdi. Shahardagi tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat uyushtirildi.

O‘zA