Oxirgi daqiqa

Buxoro biyennalesi tashkil etiladi

2025 yil Markaziy Osiyoning eng diqqatga sazovor madaniy tashabbusi bo‘lishi kutilayotgan ilk Buxoro biyennalesi o‘tkaziladi. Mazkur o‘ziga xos tadbir butun dunyo rassomlari va ustalarini muloqot, ijod va fikr almashish uchun Buxoroda jamlaydi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kelgusi yil 5 sentyabrda o‘z ishini boshlaydigan mazkur biyennale tafsilotlarini e’lon qildi.

Diana Kempbell badiiy rahbarligidagi mazkur biyennaleda “Parchalangan qalblar uchun malhamlar” ko‘rgazmasi pazandachilik, tasviriy san’at, to‘qimachilik, hunarmandchilik, musiqa, raqs va me’morchilikni qamrab oladi. Tadbirda o‘zbekistonlik rassom va hunarmandlarning asarlari namoyish qilinib, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan ustalar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yiladi.

– Buxoroning tarixiy markazi va uning diqqatga sazovor me’moriy joylari asrlar davomida betakrorlikni yaratish maqsadida butun dunyo ixtirolarini qamrab olgan shahar, – deydi tadbirning me’morchilik bo‘yicha ijodiy direktori va shaharning yangilangan tarixiy tumani me’mori Vael Al Avar. – Biyennale doirasida O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan tashrif buyuruvchilar ajoyib makonning tarixi va madaniyati bilan uchrashadi.

Ilk biyennale Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyi, «Mir Arab» madrasasi, «Mag‘oki attori» masjidi, Minorai Kalon va Olimjon karvonsaroyida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

– Biz butun dunyodan keladigan ijodkorlar, mutafakkirlar va mehmonlarni O‘zbekistonda ko‘rishdan, yorqin madaniyat va boy merosdan bahramand bo‘lishga taklif etishdan mamnunmiz, – deydi Buxoro biyennalesi komissari, O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova. – O‘zbekistonlik rassom, dizayner va hunarmandlarning asarlarini xorijda targ‘ib etish bo‘yicha jamg‘arma olib borayotgan keng qamrovli ishlarga asoslanib, mamlakatimizda ilk bor yirik xalqaro biyennaleni o‘tkazayotganimizdan faxrlanamiz. Ko‘p asrlar davomida savdo, san’at, hunarmandchilik va ilm-fanning markazi bo‘lgan Buxoro hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bo‘yicha YUNESKO Ijodkor shaharlar tarmog‘i ro‘yxatiga kiradi. O‘zining boy o‘tmishiga tayangan Buxoro sohalararo va madaniyatlararo almashinuv uchun eng maqbul manzildir.

Qayd etish kerak, mazkur tashabbus o‘zbek san’ati va madaniyatining targ‘ibi hamda muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilmoqda.

B.XUDOYBERDIEV,

O‘zA