Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Koreya kimyo sanoatini rivojlantirish yo‘lida kelishuvga erishdi

Kuni kecha «O‘zkimyosanoat» aksiyadordik jamiyatida «Koreya-O‘zbekiston ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish» loyihasi doirasida loyiha bosh pudratchisi bilan shartnoma imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda «O‘zkimyosanoat» AJ va «Hyundai Corporation» tarkibidagi Hyundai», «Bomi», «SeAH» » kompaniyalari o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra, «Koreya – O‘zbekiston» ilmiy-tadqiqot va loyiha instituti kimyo-texnologiya innovatsiya markazi» loyihasini tatbiq etishda ushbu kompaniyalar ishtirok etadi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu loyiha Prezidentimizning 2021 yil 28 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Ushbu markaz faoliyati respublikamiz kimyo sanoatiga zamonaviy xorijiy tajribalarni jalb qilgan holda, soha mutaxassislarining kasbiy ko‘nikma va bilimini oshirish, ilm-fan, loyihalash va ishlab chiqarish o‘rtasida chuqur integratsiyalashuvini ta’minlash, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqarishga keng jalb qilishga qaratiladi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA