Oxirgi daqiqa

Germaniyalik ekspertlar O‘zbekistondagi tadbirkorlik muhitini yuqori baholamoqda

Kecha O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida sanoat va texnologiyalar bo‘yicha strategik sheriklik dasturi tayyorlangani qayd etildi. Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati qariyb 9 milliard yevro bo‘lgan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.

Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning tor doirada va delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Unda mana shunday muhim raqamlar tilga olindi.

Davom etayotgan tarixiy tashrifning ahamiyatini Germaniya delegatsiyasi vakillari yuqori baholamoqda.

– O‘zbekistonga juda ko‘p kelib-ketaman, – deydi “Mangold Consulting GmbH” xalqaro konsalting kompaniyasi rahbari Klaus Mangold. – Ishimiz ko‘p, loyihalar bor. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilganidan barcha soha vakillari manfaatdor. O‘z sohamdan kelib chiqib aytaman, Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik ancha jonlandi. Tekstil, ta’lim, madaniyat, turizm va boshqa yo‘nalishlarda aloqalar izchilligi e’tiborga molik. O‘zbekiston ertangi kuniga, o‘ziga ishonadi. Kelajakda amalga oshirishni mo‘lajallayotgan tashabbuslari ko‘p. Davlat rahbarining qatiy irodasi va oqilona siyosati maqsadlarga erishishingizda muhim omil. Yurtingizning kelgusida katta sanoatlashgan davlatga aylanishiga ishonamiz.

Yangilikka intiluvchi, qobiliyatli yoshlaringiz bor. Hozir biz mamlakatingizga Germaniyadan ishlab chiqarish korxonalarini jalb qilib, mahsulotni xorijga eksport qilishni rejalashtirganmiz. Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, buning uchun imkoniyatlar juda ham ko‘p. Bu jarayonga iqtidorli yoshlarni jalb qilgan holda yuksak marralarga erishish mumkin. O‘zbekiston va Germaniya yoshlari o‘zaro malaka almashib, o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yayotganlari ham meni quvontiradi. O‘zbekistonga yangi kelgan hamkasblarimga Toshkent shahridagi Texnoparkka borishni tavsiya qilaman. U yerdagi yaratilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar yuqori darajada. Bu o‘zbekistondagi umumiy ishbilarmonlik muhiti qanday bo‘lishini tasavvur qilishda yaxshi imkoniyat.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA