Oxirgi daqiqa

Xalqaro hamkorlar Samarqandda

Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyoda barqaror hamjamiyatlarni shakllantirish – ijtimoiy ish va ijtimoiy xizmatlar orqali bolalar, yoshlar, ayollar va oila farovonligiga ko‘maklashish” mavzusidagi mintaqaviy forum ishtirokchilari bugun Samarqandda bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va YUNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi hamda Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etilgan tadbir qatnashchilari dastlab Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida yaratilgan sharoitlar, unda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat turlari va sifati bilan tanishdi. Kolumbiya universiteti ijtimoiy ish maktabi professor-o‘qituvchilari ijtimoiy xodimlar faoliyatiga alohida qiziqish bildirdi.

Samarqand shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan aholiga 98 turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 10 mingdan ziyod murojaat qabul qilinib, ular asosida 786 ta keys ochilgan. 34 nafar fuqaro Yolg‘iz keksalar reyestriga olinib, shu yo‘nalishdagi amaliy ishlar natijasida 91 nafar fuqaro ro‘yxatdan chiqarilgan.

– Yurtimizda ijtimoiy xizmatlar sohasi jadal rivojlanib, xalqaro mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lyapti, – deydi yaqinda Toshkentda faoliyat boshlagan Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi direktori Sardor Musayev. – Yangi tashkil etilgan markaz fikrimning isbotidir. Samarqandga ham bejiz kelmadik. Bu yerda olib borgan o‘rganishlarimiz natijalari ijtimoiy xizmatlar sohasidagi xalqaro hamkorligimizning keyingi strategiyasi, xususan, markazimiz faoliyatini tashkil etish uchun ham asos bo‘ladi.

Mehmonlar Samarqand shahridagi tarixiy madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.

O‘zA