Oxirgi daqiqa

O‘mon O‘zbekiston baliqchilik sanoatiga investitsiya kiritmoqchi

O‘zbekistonning O‘mon Sultonligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdusalom Hotamov Masqatda “Oman Fisheries CO S.A.O.G.” boshqaruv kengashi raisi Shohid Al-Balushiy bilan uchrashuv o‘tkazib, davlatlarimiz o‘rtasida baliqchilik sohasida hamkorlik qilish istiqbolini muhokama qildi.

Ushbu arab mamlakatida 1989 yil tashkil etilgan sohadagi mazkur eng yirik kompaniya baliqni tutish, qayta ishlash va chakana savdoga chiqarish bilan shug‘ullanadi. Qishloq va baliqchilik vazirligi kompaniyaning 24 foiz ulushiga egalik qiladi.

2023 yil 8 fevral kuni “O‘zbaliqsanoat” uyushmasi va “Oman Fisheries CO S.A.O.G.” vakillari o‘rtasida onlayn-muloqot o‘tkazilgan. Muzokarada hamkorlikning amaliy yo‘nalishlari muhokama qilinib, xorijiy sheriklarga yurtimizda baliqchilik sanoatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, ayni sohaga investitsiya kiritish imkoniyati xususida ma’lumot taqdim etilgan edi.

Tomonlar baliqchilik sohasida o‘zaro tajriba almashish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish imkoniyatini o‘rganish maqsadida o‘zaro tashriflar tashkil etish yuzasidan kelishib oldi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA