Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston-Pokiston: tekstil sohasidagi hamkorlik

Joriy yilning 28-30 iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Pokiston Islom Respublikasi milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda logistika forumi (“Made in Pakistan”) da Pokiston Islom Respublikasining “Fateh Group” kompaniyasi bilan Buxoroda yirik tekstil korxonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishilib, memorandum imzolangandi. Kelishuvga ko‘ra, loyihaning dastlabki qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etadi.

O‘zaro kelishuvning mantiqiy davomi sifatida Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Rizo Asadov, O‘zbekiston Respublikasining Pokiston Islom Respublikasidagi savdo maslahatchisi Bayramali Yusupov, “Fateh Group” kompaniyasining vitse-prezidenti Gohar Ullah va “Buxoro Agroklaster” paxta-to‘qimachilik klasteri ta’sischisi Azamat Sultonov ishtirokida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida Buxoroda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tekstil korxonasi loyihasi O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy yo‘nalishlardagi aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbus ekanligini alohida ta’kidladi. Hokimlik bu tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda loyihani amalga oshirish istiqbollari keng muhokama qilindi. O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish yo‘lida taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Muloqotda o‘zaro savdo va investitsiyaviy hamkorlikni amalga oshirishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Pokiston tomoni bu borada o‘z takliflarini bildirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.