Vena shahrida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Avstriya hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi va biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Obidov, Avstriya Federal Mehnat va iqtisodiyot vazirligi bosh direktori Florian Frausher, ushbu mamlakat Iqtisodiy palatasi vitse-prezidenti Filipp Gadi, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek ikki davlat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakili ishtirok etdi.
Yig‘ilishda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka oid dolzarb masalalar, shuningdek sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish choralari muhokama qilindi.
Keng ko‘lamli islohotlar, qulay sarmoyaviy muhit tufayli Avstriya kompaniyalarining mamlakatimiz bozoriga qiziqishi yuqori ekani ta’kidlandi. Ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirish uchun foydalanilmayotgan keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi.
Investitsiya jalb qilish mexanizmi, mavsumiy turizmni rivojlantirish, “yashil” texnologiyani joriy qilish, muqobil energetika, tog‘-kon sanoati, infratuzilma va temir yo‘lni modernizatsiya qilish, tibbiy asbob-uskuna yetkazib berish, chorvachilikni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi. Avstriya tomoni mazkur sohalar bo‘yicha 20 dan ziyod taklif bildirdi.
Imzolangan yakuniy bayonnomada yaqin kelajakda ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi bayon, Havo qatnovi to‘g‘risidagi bitim, Avstriyaning O‘zbekistonda tashqi savdo vakolatxonasini ochish, o‘zaro savdo to‘g‘risidagi axborot bazasini yatakomillashtirish, yirik kompaniyalarning har ikki davlatdagi ko‘rgazmalarda ishtirokini ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuvlar aks etdi.
Biznes-forum doirasida O‘zbekistonda kimyo va tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, geologiya, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Aniq loyihalarga Avstriya nazorat banki va boshqa yetakchi kompaniyalar tomonidan moliyaviy resurs jalb qilishga kelishildi.
“B2B” va “G2B shaklidagi uchrashuv va muzokaralar yakunida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasi shakllantirildi. Hujjatda erishilgan kelishuvlar ijrosini monitoring qilish mexanizmi ham aksini topdi.
Tashrif doirasida Avstriyaning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ham muzokara olib borildi. Konstruktiv fikr almashish chog‘ida sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, chorvachilik, yong‘inga chidamli shisha va izolyatsiya materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirishga kelishildi.
Bir so‘z bilan aytganda, avstriyalik kompaniyalarning O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqishi yuqoriligi, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarga sarmoyalarni sezilarli darajada ko‘paytirishga tayyorligi kuzatildi.
O‘zA