Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston – Koreya: mehnat sohasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqadi

Koreya Respublikasi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda mehnat munosabatlari muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Bu borada loyihalarni hayotga tatbiq etish, munosib, qulay va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish kabi masalalarga e’tibor qaratilmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyevaning Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida Koreya bandlik va mehnat vaziri Li Jung Sik bilan uchrashuvida aynan shu masala muhokama qilindi.

Mehnat migratsiyasining uyushgan shakllarini kengaytirish, mehnat va ijtimoiy huquqlar himoyasini ta’minlash, migrantlarni tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Har yili O‘zbekiston mehnat bozoriga 600 ming nafar yoshlar kirib kelishini hisobga olgan holda ularni o‘qitish va kasbga manzilli tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Bunda kasb-hunar o‘rgatish, ishchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishga ko‘maklashib kelayotgan “KOICA” xalqaro hamkorlik agentligining o‘rniga alohida urg‘u berildi.

Li Jun Sikning iyul oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni, xususan, O‘zbekiston Respublikasi va Janubiy Koreyaning tegishli vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida ushbu memorandumni amalga oshirish bo‘yicha bosqichma-bosqich “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, jumladan, qo‘shma treninglar o‘tkazish, statistik ma’lumotlar va mutaxassislar almashinuvini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

N.Abduraimova, O‘zA