Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston-Saudiya Arabistoni: IT sohasida hamkorlik

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va yaqin muloqot axborot texnologiyalari sohasida qo‘shma loyihalarni jadal rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Tomonlar DataVolt kompaniyasi tomonidan mamlakatimizda barpo etilayotgan “yashil” ma’lumotlar markazi loyihasining joriy holati va uning kelgusi bosqichlari xususida fikr almashdi.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni O‘zbekiston bozoriga jalb etish, masofaviy xizmatlar eksportini kengaytirish hamda IT Park imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar kadrlar tayyorlash, qo‘shma seminar va treninglar tashkil etish orqali hamkorlikni yanada mustahkamlash muhim ekanini ta’kidladi.

Nigora Rahmonova, O‘zA