Joriy yil yurtimiz tashqi siyosatida diplomatik munosabatlar geografiyasi sezilarli darajada kengaygan yil sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil davomida mamlakatimiz Afrika, Okeaniya hamda Karib havzasiga mansub 8 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.
Xususan, Afrika qit’asida joylashgan Somali Federativ Respublikasi (22 fevral), Mozambik Respublikasi (21 iyun), Eritreya (10 iyul), Kot-d’Ivuar Respublikasi (29 sentyabr) hamda Keniya (20 sentyabr) bilan diplomatik munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. Bu qadamlar diyorimizning Afrika davlatlari bilan siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirishga qaratilgan tashqi siyosat strategiyasi izchil amalga oshirilayotganini tasdiqlaydi.
Okeaniya mintaqasida joylashgan Nauru Respublikasi (20 mart) va Palau (26 sentyabr) bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilishi ham yurtimiz tashqi siyosatining geografik doirasi kengayib borayotganidan dalolat beradi. Geografik jihatdan uzoq bo‘lgan mazkur o‘lkalar bilan munosabatlar xalqaro tashkilotlar, ayniqsa BMT doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Sent-Lyusiya (10 sentyabr) bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi O‘zbekistonning Karib havzasi va Amerika mintaqalariga chiqishini yanada mustahkamladi. Bu kabi munosabatlar xalqaro maydonda siyosiy muloqotni kengaytirish va ko‘p tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.
Ekspertlar fikricha, ushbu davlatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilishi tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, yangi bozorlarga chiqish hamda xalqaro maydonda Yangi O‘zbekistonning nufuzini oshirishga zamin yaratadi.
Dilshod Hakimov, O‘zA