“Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba

“Temur tuzuklari” – muhim tarixiy-huquqiy manba

Mustaqillik yillarida “Temur tuzuklari” qayta-qayta nashr etilayotgani tahsinga loyiq. Turli manbalarda bu asar Temur tuzuklari”, (“Tuzuki Temuriy”) “Temurning aytganlari” (“Malfuzoti Temuriy”) va “Temur haqida xotiralar” (“Voqioti Temuriy”) degan nomlar bilan ataladi.

bugungi kunda “Temur tuzuklari”ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Ushbu noyob asarni jahonning ko‘pgina mamlakatlarida, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Rossiya, Finlyandiya, Daniya, Eron, Hindiston, Turkiya, Misr, Yaman kutubxonalaridan topsa bo‘ladi.

Tuzuk nima?

“Tuzuk” so‘zining lug‘aviy ma’nosi qonun-qoidalar to‘plami, nizom, degan ma’nolarni anglatadi. Boshqacha aytganda, Tuzuk – Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy qonuni, deganidir.

“Konstitutsiya” atamasi, “Imperator Konstitutsiyasi” deb atalgan qonun misolida, qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgan. O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lib, shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

Atoqli rus olimi D.Logofet “Temur tuzuklari”ni o‘rganib, unga Turkistonda Yevropadan 500 yillar oldin vujudga kelgan Konstitutsiyaviy kodeks, boshqacha aytganda, Amir Temur saltanatining Konstitutsiyasi, deb yuksak baho bergan. Binobarin, mustaqillikning dastlabki yillari – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi loyihasining muhokamasi davrida Asosiy qonunimizni “Tuzuklar” deb atash tavsiya etilgani ham bejiz emas.

Azaldan ma’lumki, qaysi bir asar mazmun-mohiyatan g‘oyatda qimmatli, amalda juda zarur bo‘lsa, o‘shandan ko‘plab nusxalar ko‘chirilgan va tarqatilgan. “Temur tuzuklari” asosan toju taxt sohiblari uchun muhim qo‘llanma hisoblangan. Shuning uchun ham hukmdorlarning aksariyati bu asardan nusxa ko‘chirtirib, shaxsiy kutubxonasida asragan va davlat siyosiy faoliyatida muhim yo‘l-yo‘riq sifatida foydalangan.

Tarixga murojaat etadigan bo‘lsak, buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Boburning avlodi Shoh Jahon (1628—1657), Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1821—1842) va Buxoro amiri Abdulahadxon (1885—1910) mohir kotiblariga buyurib, “Temur tuzuklari”dan o‘zlari uchun nusxa ko‘chirtirganlar.

Haqiqatan, har bir satri bir umr el-yurt, saltanat tashvishi bilan yashagan fidoyi inson, ulkan davlat arbobining keng miqyosdagi o‘y-fikrlari, hayot va kurash tajribasi, mushohadasi, ba’zan esa dardli va iztirobli kechinmalari bilan sug‘orilgan bu asarda qanday teran ma’no mujassam ekanini ma’rifatli, zukko insonlar yaxshi anglashlari tayin.

Amir Temurning davlat boshqaruvi tizimi

Sohibqiron ajdodimiz, ilgarigi davrlardan farqli holda, jamiyatdagi barcha tabaqalarning haq-huquqlari va manfaatlarini inobatga olib, ularning hayoti uchun zarur ijtimoiy zaminni vujudga keltirgan. Har bir toifaning haq-huquklari, burch va majburiyatlari o‘ziga xos qonun bilan kafolatlab qo‘yilgan.

Amir Temurning ulkan xizmatlaridan yana biri – davlat boshqaruvini tashkil qilish bilan bog‘liq. Hokimiyatning qonun chiqaruvchi va ijroiya tarmoqlariga bo‘linishiga asoslangan mazkur tizimni joriy etishda Amir Temur ko‘r-ko‘rona emas, balki o‘zi yashab turgan voqelikni nazarda tutgan holda ish yuritgan.

Taniqli tarixchi olim Azamat Зиёning fikricha, bu tizimda saltanat darajasiga ko‘tarilgan davlatning jo‘g‘rofiy hududlari doirasida yashovchi xalqlarning turmush tarzi, an’analari, ma’naviy-ruhiy ehtiyojlari ham inobatga olingan. Davlat boshqaruvi tizimiga Amir Temur olib kirgan yangilikning mohiyati ham aslida shu bilan belgilanadi.

Amir Temur oliy davlat idorasi maqomida qurultoyni belgilagan. bugungi tushunchadagi kongress, assambleya, majlis, s’ezd kabilarga to‘g‘ri keladigan ushbu siyosiy institut boshqaruv mahkamasi va davlat ahamiyatiga molik bo‘lgan eng asosiy masalalarni hal etib, unda saltanatdagi barcha yirik siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy soha namoyandalari ishtirok etgan.

Davlatni mustahkamlash, jamiyatni rivojlantirish borasida ijro etuvchi tizim vazirliklarning o‘rni muhim bo‘lgan Amir Temur davrida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, madaniy munosabatlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, ulardan jamiyat manfaati yo‘lida foydalanish uchun qat’iy intizomga asoslangan, talabchan ijroiya mexanizmi zarur edi. Sohibqiron ana shunday tizimni yarata olgan.

Amir Temur saltanatining ijro etuvchi tizimidagi sakkiz vazirlik va yana bir necha muassasalar moliya, soliqlar, daromad va xarajatlar, mulkchilik, yetishtiriladigan hosil, chorva, yaylovlar ahvoli, obodonchilik, xabar va pochta, harbiy va adliya sohalarini boshqargan. Masalan, harbiy ishlar vazirligi harbiylarga maosh berish, ularga tegishli mulklarni boshqarish, qurol-aslaha ta’minoti, harbiy mashqlarni tashkil etish kabi vazifalar bilan bir qatorda, iste’foga chiqqan, urushda yarador bo‘lib, mehnat qobiliyatini yo‘qotganlarga nafaqa belgilash kabi yumushlarni ham bajargan.

Sohibqironning 12 muhim tuzugi

O‘z navbatida, “Temur tuzuklari” asari davlatni idora qilish usullari, qo‘shinni tashkil etish qoidalari, urushlarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan turli harbiy uslublar singari qator siyosiy, huquqiy, harbiy va axloqiy g‘oyalar va me’yorlarni o‘z ichiga olgan.

“Temur tuzuklari”ning markazida inson, uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish turadi. Shu ma’noda, Sohibqironning huquqiy qarashlarida, avvalo, mamlakat ishlari tuzuki alohida ahamiyatga egadir.

“Saltanat ishlarini qonun va qoidalar, to‘ra va tuzukka solib, saltanatim martabayu e’tiborini saqladim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da va saltanat obro‘-martabasini saqlashga doir quyidagi to‘rtta asosiy tuzuk sanab o‘tiladi.

“Birinchidan, saltanatim qonun-qoidalarini islom dini va kishilarning eng xayrlisi (hazrati Muhammad)ning shariatiga bog‘lab, izzatu hurmatlash vojib bo‘lgan onhazratning avlodi va sahobalariga muhabbat bildirish asosida tuzdim. Saltanatim martabasini to‘ra va tuzuklar asosida shunday saqladimki, uning ishlariga aralashishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi.

Ikkinchidan, sipohu raiyatni umid va qo‘rquv orasida saqladim. Do‘st-dushmanni murosayu madora martabasida tutdim. Qilmishlarini, aytgan gaplarini sabr-toqat va chidam bilan o‘tkazdiim. Do‘st-dushmandan kimki menga iltijo qilib kelsa, do‘stlarga shunday muomala qildimki, do‘stligi yanada ortdi, dushmanlarga esa shunday munosabatda bo‘ldimki, ularning dushmanligi do‘stlikka aylandi...

Uchinchidan, hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim. Tuzimni totib, menga yomonlik qilganlarni Parvardigori olamga topshirdim. Ish ko‘rgan, sinalgan, shijoatli er-yigitlarni qoshimda tutdim. Sofdil kishilar, sayyidlar, olimlar va fozillarga dargohim doim ochiq edi. Nafsi yomon himmatsizlarni, ko‘ngli buzuq qo‘rqoqlarni majlisimdan quvib yubordim.

To‘rtinchidan, ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim”, deb qayd etiladi asarda.

“Temur tuzuklari” talablari doirasida Amir Temur o‘z saltanatini o‘n ikki toifadagi kishilar bilan mustahkamlagani tarixdan yaxshi ma’lum. Bu haqda: “Saltanatim martabasi bo‘lmish to‘ra-tuzuklar va qonun-qoidalarni ham shu o‘n ikki toifaga bog‘lab tuzdim”, deydi Sohibqiron hazratlari.

“Temur tuzuklari”da davlat boshqaruvining har bir sohasi va har qaysi mansab darajasi bo‘yicha muayyan tuzuklar bitilgan. Amir Temur 12 ta eng muhim tuzukni o‘ziga shior qilib olgan va saltanatni tasarrufida saqlash uchun ularga qat’iy amal qilgan. Binobarin, ulug‘ ajdodimiz e’tirof etganidek, “O‘z tajribamdan sinab bildimki, agar qay bir podshoh shu o‘n ikki narsaga ega bo‘lmas ekan, saltanatdan bebahra qolur”.

Shunday qilib, 27 mamlakatdan tarkib topgan buyuk saltanat asoschisi Sohibqiron Amir Temur ibn Tarag‘ay yirik davlat arbobi, mohir diplomat, ulug‘ sarkarda, ilmu madaniyat homiysi, haq va adolatning jasoratli yalovbardori sifatida milliy davlatchilikda, huquq va siyosat sohasida o‘zidan unutilmas va barhayot ta’limotlar, to‘ra-tuzuklar qoldirgan.

“Temur tuzuklari” va O‘zbekiston Konstitutsiyasi

Amir Temurning huquqiy qarashlari va qonunchilik tizimi butun Temuriylar saltanatida hayotning barcha jabhalarida o‘z aksini topib, ulkan amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan. Jumladan, Buyuk Ipak yo‘li xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilganki, bu bilan savdo-tijorat rivojiga katta hissa qo‘shgan Sharqu G‘arb mamlakatlarini bir-biriga yanada yaqinlashtirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasining uchinchi bandida ushbu Asosiy Qonun “o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib” qabul qilindi, deb ta’kidlangan. Albatta, o‘zbek davlatchiligi rivoji tarixiy tajribasining eng muhim qismi – Amir Temur va temuriylardan meros huquqiy, siyosiy va tarixiy manbalardan, ayniqsa, “Temur tuzuklari”, “Boburnoma”, “Jahongir tuzugi”, “Humoyunnoma”, “Zafarnoma” kabi ko‘plab nodir asarlardan iboratdir.

Sohibqiron qoldirgan qonuniy me’yorlar va huquqiy normalardan Konstitutsiyamizning turli qism va boblarida, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi”, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti”, “Vazirlar Mahkamasi”, “Sud hokimiyati”, “Mudofaa va xavfsizlik” boblarining muayyan moddalarida, zamon talablarini nazarda tutgan holda, ijodiy foydalanilgan.

Qonunga asoslangan tizimning ahamiyatini chuqur anglagan Amir Temur haqli ravishda “Kuch – adolatda” degan oliy me’yorni o‘ziga shior qilib olgan va hatto ushbu hikmatni uzuk-muhriga o‘yib yozdirgan. Bu haqda Ibn Arabshoh shunday guvohlik beradi: “Temur tamg‘asining naqshi “Rosti rasti” bo‘lib, bu “haqgo‘y bo‘lsang, najot topasan” demakdir”. Sohibqironning bu purhikmat so‘zlari bugun ham qudratli demokratik huquqiy davlat qurish uchun asosiy yo‘llanma hisoblanadi.

Amir Temurning huquqiy qarashlari va amaliy faoliyati har doim adolat va insof me’yorlari bilan hamohang bo‘lgan. Ulug‘ Sohibqiron o‘z davlati hududlarida tuzuk-to‘ra va shariat qoidalari ustuvorligini amalda ta’minlagan. Bu haqda, jumladan: “Sipohiylarimni hamisha jangga tayyor holda tutdim; oylik haqlarini so‘rattirmay vaqtida berardim. Chunonchi, Rum yurishida sipohiylarimga o‘tgan va kelajakda qiladigan xizmatlari uchun yetti yillik oziq-ovqatlarini birvarkayiga berdim”, deyiladi “Temur tuzuklari”da.

Bundan tashqari, Sohibqiron saltanatida kasbu hunar va ma’rifat ahli muntazam ish bilan ta’minlangan. Sarmoyasi qo‘lidan ketib qolgan savdogarlarga o‘z sarmoyasini qaytadan tiklab olishi uchun xazinadan yetarli miqdorda oltin berilgan. Dehqonlar va raiyatdan qaysi birining dehqonchilik qilishga qurbi yetmay qolgan bo‘lsa, unga ekin-tekin uchun zarur urug‘lik va mehnat qurollari tayyorlab berilgan. Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bunday amaliy misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.

Amir Temur asos solgan buyuk davlat o‘zining turli bosqichlarida – ham Turon, ham Xuroson, ham Eron, ham Hindistonda adolat me’yorlariga asoslangan tuzum sifatida olam ahlining diqqatini o‘ziga tortib, hanuz tarixiy ahamiyatini yo‘qotmagan. bugungi kunda Sohibqironning sud va qonunchilikka munosabati ham alohida o‘rnak vazifasini o‘taydi. Zero, bundan olti asr burun Movarounnahr sud tizimida o‘ziga xos tartib va qoidalar mavjud bo‘lgan.

Yengilmas ajdodimizning harbiy-nazariy tafakkuri

Yana bir muhim jihat. Yangi turdagi muntazam armiyaning tashkil etilishi, siyosiy uyushuv, hayotning barcha jabhalari, ayniqsa, iqtisodiyotning g‘alaba qozonish yo‘lidagi strategik vazifaga bo‘ysundirilishi, mustahkam intizom, har bir jangchi tomonidan harbiy harakatlar olib borish qoidalariga rioya qilinishi, diplomatik vositalardan ustalik bilan foydalanish kabi omillar raqib ustidan zafaru g‘alabani ta’minlagan. Amir Temur o‘zining butun hukmronligi davrida biron marta ham mag‘lubiyatga uchramagan.

Mashhur arab tarixchisi Ibn Arabshoh yozganidek, “Temur qo‘rqmas, shijoatli, botir kishilarni itoat qildiruvchan bo‘lib, jasoratli (kishi)larni, dovyurak va mardlarni yoqtirar edi”. Binobarin, Sohibqironning asosiy maqsadi alohida bo‘lgan mulklarni mustahkam va qudratli davlatga birlashtirishdan iborat bo‘lgan.

Qisqacha aytganda, Amir Temurning hokimiyat tepasiga kelishi bilan harbiy ish sohasida ulkan o‘zgarishlar yuz bergan, ular Sharqu G‘arb harbiy-nazariy tafakkuri taraqqiyotida katta rol o‘ynagan.

O‘zbekiston istiqlolga erishgach, Amir Temur shaxsi yana Vatan va millat timsoliga aylandi. Amir Temur nomi, uning siymosi xalqimizni birlashtirishda, jipslashtirishda, iymon-oqibatli bo‘lishda, qudratli kelajagimizni qurishda bizga yangi-yangi kuch-quvvat va shijoat bag‘ishlab turibdi.

Zero, ma’naviyatimizning eng teran o‘q tomirlaridan biri – ulug‘ zot Amir Temur siymosidir. Sohibqiron siymosi insoniyat tarixida bizgacha bo‘lgan, bizdan keyin ham bo‘ladigan katta bir olamshumul voqelikdir.



Akmal Saidov,

akademik

O‘zA