Oxirgi daqiqa

Toshkentda uchinchi bor Shveysariya kunlari bo‘lib o‘tdi

Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan har yil o‘tkaziladigan mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashdir. Joriy yilgi anjuman poytaxtimizdagi “Tashkent City Mall” savdo markazida “Shveysariya: sifat, innovatsiya, ishonch” shior ostida tashkil etildi.

Mamlakatimiz investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov anjumanning ochilish marosimida so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabat jadal rivojlanayotganini ta’kidladi. So‘nggi besh yilda tovar ayirboshlash miqdori ikki barobar oshib, 2023 yil yakunida 341 million dollarni tashkil etgani qayd etildi. Poytaxtdagi 30 dan ziyod Shveysariya kompaniyasi ishtirok etayotgan Shveysariya kunlari esa ishbilarmonlik aloqalari ko‘lamini kengaytirib, turli sohalardagi sheriklikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishi e’tirof etildi.

Ayni payt yurtimizda mazkur Yevropa davlatining yuzdan ziyod korxonasi faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yil oxirida o‘zlashtirilgan Shveysariya investitsiyasi qiymati 1,4 milliard dollarni tashkil etdi. Bu jarayonda farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, qurilish, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va turizm yo‘nalishlarida samarali loyihalar amalga oshirilmoqda. Hamkorlarimizga yashil texnologiya, qayta tiklanadigan energiya manbalari, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ilg‘or moliyaviy texnologiyani joriy etish, resursni barqaror boshqarish va innovatsiya yo‘nalishlarida o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, shuningdek farmatsevtika sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli imkoniyatlar taqdim etildi.

Vazirlik xorij kompaniyalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirildi.

Anjuman inter faol sessiya, har xil mavzudagi ko‘rgazma, uchrashuvlar, biznes vakillari uchun mahorat darslari shaklida qizg‘in kechdi.

Behruz Xudoyberdiyev,

O‘zA