Oxirgi daqiqa

O‘zbekistondagi islohotlar jahon e’tiborini jalb etmoqda – Euronews

“Euronews” telekanali saytida mamlakatimiz madaniy hayotiga oid turkum maqolalar e’lon qilindi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi xabar bergan. Xususan, “O‘zbekistondagi jadal islohotlar jahon e’tiborini jalb etmoqda” (Uzbekistan’s Bold Reforms Spark Global Interest) sarlavhali maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatni tubdan o‘zgartirib yuborgani, mamlakatning xalqaro maydonga chiqishi jahon hamjamiyatida yurtimizga nisbatan qiziqish tobora ortayotgani yoritilgan. Muallif o‘z tahlilini shunday boshlaydi:

– Shavkat Mirziyoyev 2016 yil prezidentlikka saylangach, respublikada demokratlashtirish, iqtisodiy rivojlanish va global hamkorlikka yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlarning boshlandi. Bu jarayonni o‘tgan yil umumxalq referendum orqali yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi bilan yanada mustahkamlandi. O‘zgarishlarda barcha fuqarolarning fikr-mulohazalari inobatga olinib, mamlakatning yangi taraqqiyot bosqichiga o‘tishi jadallashdi.

Mazkur maqola bir oy oldin Barqaror rivojlanish markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida Toshkentda tashkil etilgan Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi taassurotlari asosida yozilgan. “Euronews” materialida haftalik haqida ham iliq so‘zlarni o‘qish mumkin:

O‘zbekistonning jahonga ochiqligi ramzi sifatida namoyon bo‘lgan anjumanda siyosiy, ijtimoiy, madaniy, diplomatik va iqtisodiy sohalarda faoliyat yuritayotgan xalqaro ekspertlar, jumladan Buyuk Britaniya Lordlar palatasi a’zolari va taniqli diplomatlar ham ishtirok etdi.

“O‘zbekistonda Ipak yo‘li bo‘ylab poyezdda sayohat qiling: Samarqand tarixidan Buxoro merosigacha” nomli maxsus 5 daqiqalik video lavha ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otyapti. Tomoshabinni ikki qadimiy o‘zbek shahri boy tarixi bilan tanishtiradigan ushbu video mahsulotda qadimiy arxeologik yodgorliklar joylashgan maskanlar, xususan Bog‘izog‘ondagi qadimiy sharob tayyorlash an’anasi ochib berilgan.

“Euronews” tomonidan mashhur o‘zbek pazandaligi san’atiga bag‘ishlab tayyorlangan “Degustatsiya an’analari: O‘zbekistonda gastronomik turizm” nomli maqola orqali esa butun dunyo sayyohlari mamlakatimiz oshpazlik an’analaridan xabardor bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan.

Mashhur o‘zbek taomlari haqida umumiy ma’lumot berilgan dastur, jumladan, milliy qadriyatimizga aylangan, har bir hududda o‘ziga xos usulda tayyorlanadigan palov haqida batafsil hikoya qilingan.

“Euronews”ning yana bir maqolasida asrlar osha shu kungacha yetib kelgan qadimiy san’atimiz – ipakchilik xususida so‘z boradi. “Unraveling the art of silk production in Uzbekistan” – “O‘zbekistonda ipakchilik san’atini ochish” sarlavhasi ostida berilgan material o‘quvchini yurtimizning tashrif qog‘ozi bo‘lib qolgan ipak ishlab chiqarish bilan bog‘liq an’anaviy usullardan boxabar etadi.

O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, madaniy merosni targ‘ib qilish, xalqaro konferensiya va forumlar tashkil etish borasidagi yutuqlar ham mashhur telekanal e’tiboridan chetda qolmagan. Masalan, “Global kreativlik kelajagini shakllantirish – O‘zbekiston kreativ iqtisodiyot bo‘yicha Jahon konferensiyasini o‘tkazmoqda” nomli maqoladan diyorimizda kreativ sektorni rivojlantirish istiqboliga oid ma’lumotlar o‘rin olgan.

“O‘zbekiston merosi: Samarqand kongressi Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazini e’tirof etadi” va “Xalqaro olimlar O‘zbekistonning madaniy uyg‘onishi sabab yig‘ildi” kabi qator video reportajlar esa respublikamizning madaniy tiklanish sohasidagi sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga bag‘ishlangan.

Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumot berishicha, jamoa buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi xazinasiga qo‘shgan bebaho hissasini butun dunyoga namoyish etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Bunday tashabbuslar ham yaqin kunlarda “Euronews”da efirga uzatiladi. Kuni kecha telekanal Islom sivilizatsiyasi markazi Madaniyat vazirligi va Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tashkil etgan Madaniy meros haftaligi haqida maxsus reportajni namoyish etdi. Ushbu dastur O‘zbekistonning ajoyib tarixi, boy madaniy an’analari, noyob merosini jahon bo‘ylab targ‘ib qilishga qaratilgan”, – deyiladi xabarida.

Sherali Otaboyev, O‘zA