Fransiya tibbiyot sohasining rivojlangan yo‘nalishlari bilan dunyoning peshqadam mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli tibbiyot sohasidagi bilim va malakalarini oshirish uchun ko‘plab davlatlardan yosh mutaxassislar o‘qishga keladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Fransiyaning Oliy Psixomotor reabilitatsiya instituti rahbariyati o‘rtasida imzolangan memorandumga binoan mana ikki yildirki, neyropsixologlar, tibbiy psixologlar hamda psixiatrlardan iborat o‘zbekistonlik mutaxassislar Fransiyaning "Psixomotor terapiya va reabilitatsiya" institutida qisqa muddatli malaka oshirib qaytishmoqda.
Fransiyalik mutaxassislar shuningdek, O‘zbekiston tibbiyot institutlarida ham bo‘lib, mahorat darslarini o‘tashdi.
Neyropsixologiya, tibbiy psixologiya va psixomotor terapiya bo‘yicha o‘zlashtirilgan ilmlar asosida fransuzlar bilan hamkorlikda, ilmiy-tadqiqot ishlari boshlab yuborildi, mamlakatimizga esa fransuzlar tajribasi asosida dorisiz davolash metodlari kirib kelmoqda.
Yaqinda bir guruh mutaxassislar Fransiyaning Oliy Psixomotor reabilitatsiyasi institutida uchinchi marotaba bo‘lib qaytishdi. Professor Ibodullayev bu gal “Alsgeymer kasalligida neyropsixologik diagnostika" mavzusida fransiyalik mutaxassislar va institut talabalariga ma’ruza o‘qidi.
O‘zbekistonlik olim ushbu davlatga avvalgi tashriflarda "Miya insultlarida neyropsixologik diagnostika" mavzusi bo‘yicha mahorat darsini o‘tgan edi. Qisqa muddat ichida "Psixomotor terapiya va reabilitatsiya" bo‘yicha bitta doktorlik va uchta nomzodlik (PhD) dissertatsiyasi ustida ilmiy izlanishlar olib borildi, yigirmadan oshiq ilmiy maqolalar va tezislar chop qilindi.
Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand Davlat tibbiyot Universiteti, Buxoro innovatsion tibbiyot instituti va uchta xalqaro anjumanda fransuzlar metodologiyasi haqida Zarifboy Ibodullayev tomonidan ma’ruzalar o‘qildi.
Shu tariqa, Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida "Neyropsixologiya va psixomotor terapiya" sohasini rivojlantirishdagi qo‘shayotgan hissalari yuqori baholanib, Zarifboy Ibodullayevga "Fransiya Oliy Psixomotor Reabilitatsiya instituti" faxriy professori unvoni topshirildi.
Faxriy professor diplomini institut direktori, fransiyalik mashhur olim Jerar Erman topshirdi.