O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysi suv havzalaridan fan uchun yangi bo‘lgan yalangbaliq turini kashf etishdi.
Baxtiyor Sheraliyev boshchiligidagi Farg‘ona davlat universiteti ixtiolog olimlari Farg‘ona vodiysi hamda O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi baliqlarning tur tarkibi, biologiyasi va ekologiyasiga oid qator tadqiqotlarni olib bormoqda.
– So‘nggi bir necha yilda Markaziy Osiyo suv havzalarini ixtiologik jihatdan tekshirish jarayoni shuni ko‘rsatmoqdaki, mintaqada hali o‘zining o‘rganilishini kutib turgan turlar talaygina. O‘tgan yillar mobaynida Shohimardon daryosidan Triplophysa ferganaensis, So‘x daryosidan esa Triplophysa daryoae kabi baliq turlarining kashf etilgani buni tasdiqlaydi. So‘nggi tadqiqotlarimiz natijasi asosida esa Dzihunia pseudoamudarjensis turi kashf etildi. E’tiborli jihati shundaki, kashf etilayotgan turlarning aksariyati mintaqamiz endemiklari hisoblanadi, – deydi Baxtiyor Sheraliyev.
Yangi tur o‘zining urug‘doshlaridan yon chizig‘idagi poralari soni (84-86 ta), ingichka dum bandi, orqa va anal suzgich qanotlarining pastligi hamda ko‘zlararo masofasining yirikligi bilan farq qiladi. Yangi tur haqidagi maqola xalqaro “Zootaxa” jurnalida chop etildi.
M.Sulaymonov, O‘zA