Poytaxtimizda ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha “Jumping world challenge final” turniri o‘tkazilmoqda. Ushbu musobaqaga “Universal horses stable” majmuasi mezbonlik qilmoqda va unda 11 davlatdan kelgan chavandozlar g‘oliblik uchun kurashmoqda.
Musobaqaning navbatdagi kunida chavandozlar 115 va 120 sm. balandlikdagi to‘siqlardan ot sakratishda o‘zaro raqobatlashdi. 115 sm. balandlikka sakrashda Dominikan Respublikasi sharafini himoya qilgan Giorgiya Ieromazzo “Jangcy L” laqabli otida birinchi o‘rindan joy oldi. Singapurlik Kristi Neyr esa “La-Luna” laqabli tulporida ikkinchi, hamyurtimiz Abdushukur Sobirjonov “Elis-G” otida uchinchi o‘rinda qayd etildi.
To‘siq balandligi 120 sm. bo‘lgan bahslarda Giorgiya Ieromazzo va “Jangcy L” tandemi yana g‘olib bo‘ldi. Mavritaniyalik Gabriyel Flaven “Arbat” laqabli otida kumush, Viktoriya Greyvenshteyn (JAR) “Jodcasall A-Z” tulporida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa davom etmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA