Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston eng tez sur’atlarda o‘sayotgan davlatlar qatoriga kirdi

BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining so‘nggi uch yillik reytingi natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan davrda 18 pog‘ona yuqorilab, 195 mamlakat ichida 69-o‘ringa ko‘tarildi.

Natijada O‘zbekiston eng tez sur’atlarda o‘sayotgan davlatlar qatoriga kirdi.

Senat axborot xizmatidan xabar berishlaricha, ushbu xalqaro reyting ko‘rsatkichlari asosida O‘zbekistondagi davlat va xo‘jalik hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya holatini reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan. Mazkur metodika doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

2023 yilning birinchi yarim yilligi yakuni bo‘yicha raqamli transformatsiya holatini reyting baholash jarayonida 43 davlat organi, 38 xo‘jalik organi, 14 mahalliy hokimlik, jami 95 davlat tashkiloti qamrab olindi.

Reyting baholash ishlari 5 ta yo‘nalishda – ochiqlik va elektron ishtirok; elektron davlat xizmatlari; axborot xavfsizligi; faoliyatning raqamlashtirilgani; tashkiliy masalalar bo‘yicha amalga oshirildi.

N.Abduraimova,

O‘zA