Seul shahrida shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga byust o‘rnatildi

Seul shahrida shoir va mutafakkir Alisher Navoiyga byust o‘rnatildi

Joriy yil 5 dekabr kuni ulug‘ shoir va mutafakkir bobomizning byusti Seul shahrining yirik Socho tumani “Seocho-dong 1498-4” ko‘chasida yo‘lning yuzida joylashgan kichik dam olish maskaniga o‘rnatildi.

Yodgorlik gavjum chorrahada joylashgan bo‘lib, ro‘parada Koreya Respublikasi Oliy sudi va Oliy prokuraturasi binosi qad rostlagan. Atrofda aholi istiqomat qiladigan zamonaviy ko‘p qavatli binolar (Seocho Avenue), savdo markazi (Lotte Mart) hamda tibbiyot muassasasi. Xiyobon yonida kutubxona faoliyat yuritmoqda.

Ta’kidlash joiz, mazkur yodgorlik joriy yil 14 iyul kuni Toshkent shahri Mirobod tumani hamda Seul shahri Socho tumani o‘rtasida imzolangan “Hamkorlik va do‘stlik munosabatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro anglashuv Bayonnomasi” asosida o‘rnatildi.

Mazkur kelishuvga muvofiq, 2022 yil Toshkent shahridagi “Seul bog‘i”da koreys alifbosi asoschisi qirol Sejong haykalini barpo etish ham rejalashtirilgan.

Ulug‘ bobomiz timsoli Janubiy Koreyada yodgorlik va haykallar yaratish bo‘yicha yetakchi sanalgan «Malong Company» tomonidan Navoiy shaxsiyatining muhim tarixiy ahamiyatini inobatga olib, zamonaviy uslubdan foydalangan holda yaratildi.

Byustning umumiy uzunligi 2,8 metr, balandligi 80 santimetr, marmar ustun 1,8 metr, tagkursi 20 santimetr. Bronzadan yasalgan byustga tillasimon rang berilgan. Ustun va tagkursi Janubiy Amerikadan keltirilgan oq marmardan yasalgan. Marmar ustunga “Alisher Navoi” so‘zi ingliz tilida, “O‘zbekistonning buyuk qahramoni, turkiy tilli adabiyot dahosi” jumlasi koreys tilida yozilgan.

Yodgorlikni Seulda o‘rnatish bilan bog‘liq barcha xarajat Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi tomonidan qoplandi.

Ushbu san’at asarining tashqi ko‘rinishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Badiiy Akademiyasi xulosasi olinib, muassasa mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi.



O‘zA