Poytaxtimizda bunyod etilgan Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlariga asos bo‘ladi.
Mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya 12-dekabr kuni meʼmoriy jihatdan mukammal, jahon standartlariga mos eng ilgʻor innovatsion yechimlarni oʻzida mujassam qilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi.
Oliy martabali mehmonga Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov va Milliy olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov hamrohlik qildi.
Darhaqiqat, bugun ushbu majmua Yangi Oʻzbekistonning imkoniyatlarini nafaqat Osiyo, balki butun dunyoga koʻrsatmoqda. 2022-yil 9-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shaharcha qurilishiga tamal toshini qoʻygan edi. Umumiy maydoni 100 gektardan ziyod boʻlgan majmuada yengil atletika va futbolga ixtisoslashgan stadion, turli sport musobaqalariga moʻljallangan yopiq va ochiq inshootlar barpo etildi.
Shaharcha ichiga quyosh panellari oʻrnatildi va ular majmua maydonini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi. Elektr avtomobillarni quvvatlash uchun ham bekatlar tashkil etildi.
Bu yerda velopoygalar, stol tennisi, qilichbozlik boʻyicha musobaqa va mashgʻulotlar oʻtkazish imkoniyatlari yaratildi. 12 ming oʻrinli stadionda yashil maydon va 9 qatorli yugurish yoʻlagida yengil atletikaning 48 ta yoʻnalishi boʻyicha musobaqa va tantanali marosimlar oʻtkazish mumkin.
Suv sporti saroyida suzish va suvga sakrash havzalari, basseyn va trenajyor zallari mavjud. Jamoaviy sport majmuasida esa voleybol, basketbol va gandbol boʻyicha mashgʻulot va xalqaro musobaqalarni oʻtkazish mumkin. Yakkakurashlar majmuasi dzyudo, boks, taekvondo kabi sport turlarini rivojlantirishga asos boʻladi.
Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Olimpiya shaharchasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan, mamlakatimizda sportga boʻlgan eʼtiborning naqadar yuksak ekanligiga chin maʼnoda amin boʻldi.
Dunyo sport sahnasida Oʻzbekiston bayrogʻining yuksalib borayotganiga sabab boʻlayotgan imkoniyatlarning asosi nimalarda ekaniga eʼtibor qaratib, Oʻzbekiston yoshlari bunday eʼtiborga munosib boʻlib boraverishini taʼkidladi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
Nosirjon HAYDAROV(surat),
OʻzA