Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston-Germaniya: мevali ekinlar genetikasi bo‘yicha hamkorlik

Poytaxtimizda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti va Germaniyaning nufuzli "Julius Kühn-Institut" ilmiy muassasasi xodimlari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlar avvalo tizim faoliyati bilan tanishdi. Ularda institut Milliy genbankida saqlanayotgan urug‘lar va Dala genbankida tirik holda saqlanayotgan noyob meva-rezavor va uzum genetik resurslarning xilma-xilligi katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, uchrashuv davomida tomonlar mevali ekinlar genetik resurslarini saqlash va o‘rganish, olma seleksiyasi va molekulyar-genetik tadqiqotlar, qo‘shma ilmiy loyihalar ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuv yakunida ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik qilish va istiqboldagi ilmiy loyihalar ustida birgalikda ishlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tashrif doirasida mehmonlar akademik M.Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga tashrif buyurib, uning ilmiy faoliyati bilan ham tanishdi.

Uchrashuv davomida institutning zamonaviy laboratoriya bazasi, xususan, o‘simliklar seleksiyasi yo‘nalishida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Genetik resurslarni saqlash, ularni samarali ko‘paytirish hamda yuqori hosildor va istiqbolli navlarni yaratishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, meva va uzum mahsulotlarini qayta ishlash asosida tabiiy vino va sirka ishlab chiqarish texnologiyalari yuqori baholanib, ushbu yo‘nalishda o‘zaro tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, institutda ko‘chat yetishtirish jarayoni namoyish etilib, yangi seleksiya navlari va ularni parvarishlash bo‘yicha fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida biologik xilma-xillikni asrash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yovvoyi turlarini birgalikda o‘rganish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan istiqbolli rejalar belgilab olindi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA