Oxirgi daqiqa

O‘zbekiston va Gruziya: jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik kuchaytiriladi

Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Gruziya Ichki ishlar vaziri Gela Geladze boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanib borayotganligini e’tirof etib, transmilliy jinoyatlarga, shu jumladan, narkojinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tizimli hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, bu jarayonda vazirliklar o‘rtasida axborot va o‘zaro tajriba almashishni yangi bosqichga ko‘tarish zaruratiga e’tibor qaratdi.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishi kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish masalasida bo‘lib, bu borada ikki tomonlama hamkorlikni kuchaytirish va kadrlar tayyorlash jarayonida bilim va ko‘nikmalar bilan o‘rtoqlashish muhim ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda terrorizm va ekstremizm, odam savdosi, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika yo‘nalishida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, vazirlik tarkibidagi o‘quv muassasalari bilan Gruziya huquqni muhofaza qilish organlari ta’lim dargohlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Gruziya ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

Tadbir davomida gruziyalik hamkorlar Ichki ishlar vazirligi faoliyati bilan yaqindan tanishib, zamonaviy maxsus texnika va vositalar taqdimotida qatnashdi.

Mehmonlar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va Toshkent shahar IIBB faoliyatini o‘rganish hamda poytaxtimizning turistik ob’ektlarida xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot oldi.

N.Abduraimova, O‘zA