Qoraqalpoq qo‘bizini yasash va uni ijro etish san’ati rasman UNESCOning “Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros” ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tarixiy qaror shu kunlarda Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan UNESCO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasi ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi.
Mazkur muhim voqea O‘zbekistonning maqsadli sa’y-harakatlari natijasi bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning noyob madaniy an’anasi xalqaro miqyosda e’tirof etilganini yaqqol namoyish etmoqda.

Qo‘biz san’ati O‘zbekistonning UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan madaniy meros elementlari sonini o‘n oltitaga yetkazdi. Bu esa mamlakatimizning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniyatning xalqaro markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqlamoqda.
Ma’lumot o‘rinida: qo‘biz – qadimgi torli-kamonli musiqa asbobi bo‘lib, turkiy xalqlar, ayniqsa, qoraqalpoq, qozoq va qirg‘izlar orasida keng tarqalgan. Qoraqalpoq qo‘bizi an’anaviy tarzda yaxlit yog‘ochdan (ko‘pincha tutdan) yasaladi, otning yolidan qilingan ikkita torga ega bo‘lib, betakror ohang hosil qiladi.
Jirov – qoraqalpoq dostonchilari va shoirlaridir. Ular qo‘biz jo‘rligida dostonlar va tarixiy rivoyatlar ijro etadi. Jirovchilik an’anasi qoraqalpoq xalqining tarixi, falsafasi va ma’naviy qadriyatlarini yetkazuvchi musiqiy va she’riy san’atning noyob uyg‘unligi hisoblanadi.
Dehlida hukumatlararo qo‘mita sessiyasi davom etmoqda va uning doirasida “Muqaddas merosning qayta tiklanishi: qo‘biz va qoraqalpoq jirovlarining epik an’anasi” mavzusida tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu yig‘in dasturiga taniqli jirovlar Baqbergen Sirimbetov va Davronbek Yendirbekovning jonli ijrosi, qo‘biz va jirovga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi, shuningdek, usta Marat Jaqsimuratov tomonidan qo‘biz musiqa asbobini yasash jarayonining jonli ko‘rgazmasi kiritilgan.
G.Sattorova tayyorladi,
O‘zA