Oxirgi daqiqa

Dehlida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Hindistonning yetakchi savdo-sanoat palatalaridan biri – “PHD Chamber of Commerce and Industry” (PHD CCI) maydonida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Hindistonning 20 dan ortiq yetakchi kompaniyasi rahbarlari va vakillari ishtirok etganligi hind ishbilarmon doiralarining mamlakatimiz bozoriga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Taqdimot davomida diplomatik missiya vakillari va Orolbo‘yidan kelgan ekspertlar hindistonlik sheriklarni O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratayotgan izchil islohotlar bilan atroflicha tanishtirdi.

Muhokamalarning markaziy mavzusi Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun taqdim etilayotgan noyob imkoniyatlar bo‘ldi. Hindiston biznes hamjamiyati vakillariga Orolbo‘yida xorijlik investorlar foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy afzalliklar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, davra suhbatida Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun yaratilgan imkoniyatlar, qo‘shimcha soliq va bojxona imtiyozlarini nazarda tutuvchi maxsus huquqiy rejim, tayyor infratuzilmaga ega maxsus iqtisodiy zonalar va sanoat parklarida korxonalar tashkil etish imkoniyatlari, yer ijarasining imtiyozli shartlari hamda loyihalarni davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jumladan, investitsiyalarni himoya qilish kafolatlari haqida so‘z yuritildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri