O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida

O‘zbekiston xorij matbuoti sahifalarida

Misrning “Tong” (Al-Fajr) hamda “Misr bugun” (Misr al-yavm) nashrlari sahifalarida “Misr muftiysi fatvo bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun oliy darajadagi O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi” va “Al-Azhar kotibi muovini O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashdi” sarlavhali maqolalarni e’lon qildi. Maqolalarda o‘zbekistonlik ulamo va diniy mutasaddilari delegatsiyasi Misrda tashkil etilgan xalqaro seminar-treningda qatnashgani batafsil yoritilgan.

O‘zbekiston delegatsiya safar davomida Misr muftiysi Shavqi Allom, Al-Azhar kotibi o‘rinbosari, doktor Muhammad Abdurrahmon Ad-Duvayniy va Al-Azhar universitetining Aholishunoslik va tadqiqot xalqaro islom markazi direktori, professor Jamol Abu As-Sorur bilan uchrashuvlar o‘tkazishgani e’tirof etilgan.

O‘zaro muloqot chog‘ida muftiy ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarning ildiziga alohida to‘xtalib, fatvo berish jarayoni va voqelikni ro‘yobga chiqarishning ahamiyati, malaka va tajribaga asoslangan ko‘nikma zarur ekanligiga e’tibor qaratgani ta’kidlangan.

Maqolada shuningdek, Al-Azhar universiteti huzuridagi Aholishunoslik va tadqiqotlar bo‘yicha xalqaro islom markazida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tgani, bolalar huquqlari va farovonligini ta’minlashda davlat tashkilotlari, diniy idoralar hamda oliy ta’lim muassasalarining hamkorligiga bag‘ishlangani e’tirof etilgan.

Ad-Duvayniy Al-Azhar universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar xususida to‘xtalib, ilmiy muassasalar bilan aloqalarni mustahkamlash, imom-xatiblarni tayyorlash sohasida hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligini bildirgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA