O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar zamonaviy diplomatik aloqalar bilan cheklanib qolmay, balki ming yillik tarixiy, madaniy va ma’naviy mushtarakliklarga tayanadi. Buyuk Ipak yo‘li davridan boshlab shakllangan savdo va madaniy aloqalar bugungi kunda strategik sheriklik, iqtisodiy hamkorlik va chuqur insoniy rishtalar bilan boyib bormoqda.
Tarixchilar fikricha, Yaponiyaning qadimiy Nara shahri Buyuk Ipak yo‘lining sharqiy yakuniy nuqtalaridan biri bo‘lgan. Bu yerdagi “Todai-ji” ibodatxonasida Sug‘diyona va Baqtriyaga oid nodir buyumlarning saqlanib qolganligi bu fikrni tasdiqlaydi. Qolaversa, VIII asrda Samarqand va Toshkent hududida tayyorlangan idishlar hamda ud musiqa asbobi bunga yorqin misoldir.
Yapon olimi Yotaka Yoshida qadimiy idishlardan birida saqlanib qolgan sug‘d yozuvini o‘qib, uning egasi Shosh (qadimgi Toshkent)lik ekanini aniqlagan. Bu esa mamlakatlarimiz o‘rtasidagi bevosita tarixiy aloqalarning dalilidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, I– VI asrlarda O‘zbekiston hududida keng tarqalgan buddizm dini VI asrda Xitoy va Koreya orqali Yaponiya orollarigacha yetib borgan. Bugungi yapon buddaviy ibodatxonalari me’morchiligi, haykaltaroshlik va bezak san’atida yurtimiz hududida topilgan arxeologik yodgorliklar bilan o‘xshashliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi.
O‘zbekiston janubida ilk buddizm davri yodgorliklarini o‘rganishda yapon olimi Kyudzo Katoning xizmati beqiyosdir. U “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan bo‘lib, tadqiqotlari O‘zbekiston tarixi darsliklariga kiritilgan. Yaponiyaning mashhur rassomi, Toshkentning faxriy fuqarosi Ikuo Xirayama esa o‘lkamizni qadimgi buddaviylik madaniyatining bir qismi sifatida e’tirof etgan.
Yaponiya 1991 yil 28 dekabrda mamlakatimiz mustaqilligini tan oldi, 1992 yil 26 yanvarda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 2002 yilda ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.
Davlat raxbarlarining bir necha bor qilingan o‘zaro rasmiy tashriflari ikki tomonlama siyosiy muloqotning yuqori darajada ekanini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, parlamentlararo do‘stlik guruhlari, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” dialogi, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muntazam maslahatlashuvlar hamkorlikni tizimli ravishda mustahkamlab kelmoqda.
Xalqaro maydonda ham tomonlar bir-birining tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, BMT doirasida yadro qurolsizlanishi, inson huquqlari, ekologiya va barqaror rivojlanish bo‘yicha rezolyutsiyalar shular jumlasidan.
Ta’kidlash kerakki, mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo bo‘yicha eng qulay shartlar rejimi amal qiladi. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi sezilarli o‘sishni ko‘rsatmoqda. Statistikaga ko‘ra, 2024 yilda savdo aylanmasi 388,5 mln dollarni tashkil etgan. Yurtimizda yapon sarmoyasi ishtirokidagi 100 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ular asosan energetika, mashinasozlik, axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarini qamrab oladi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) orqali turli kreditlar, grantlar va texnik yordamlar ajratilgan. Shu paytgacha minglab o‘zbekistonlik mutaxassislar Yaponiyada malaka oshirgan, yuzlab talabalar grant asosida ta’lim olgan.
Madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlik ikki xalqni yanada yaqinlashtirmoqda, deyish mumkin. Poytaxtimizda O‘zbek-yapon markazlari, Yaponiyada esa O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qiluvchi jamiyatlar faoliyat yuritmoqda. Yapon san’atkorlarining O‘zbekistondagi festival va konsertlardagi ishtiroki, qo‘shma kino va teatr loyihalari, EXPO-2025 Osaka ko‘rgazmasidagi O‘zbekiston paviloni bunga yorqin misoldir.
Diyorimizda ta’lim sohasida yapon tili o‘qitilayotgan oliy ta’lim muassasalari soni ham ortib bormoqda, qolaversa, oliy ta’lim sohasida Nagoya universiteti bilan hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbek–yapon munosabatlarining alohida va nihoyatda ta’sirli sahifasi — Ikkinchi jahon urushidan keyin Vatanimizga kelgan yapon fuqarolari taqdiridir. 1947–1950 yillarda 25 mingga yaqin yapon fuqarosi o‘lkamizda yashab, sanoat va madaniy ob’ektlar qurilishida ishtirok etgan.
Ularning xotirasiga bag‘ishlab ochilgan muzeylar va yodgorliklar o‘zbek xalqining insonparvarligi va bag‘rikengligini aks ettiradi. Toshkentdagi “Yakkasaroy” memorial majmuasi Yaponiyada ham katta ehtirom bilan tilga olinadi. Bu sa’y-harakatlar uchun o‘zbekistonlik fuqarolar Yaponiya imperatori tomonidan yuksak mukofotlar bilan taqdirlangan.
Umuman olganda, O‘zbekiston–Yaponiya munosabatlari — bu faqat diplomatik aloqalar emas, balki chuqur tarixiy xotira, madaniy yaqinlik va strategik manfaatlar uyg‘unligidir. Ushbu munosabatlar bugungi kunda mintaqaviy barqarorlik, innovatsion rivojlanish va xalqlar do‘stligiga xizmat qilayotgan mustahkam ko‘prik sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA