Oxirgi daqiqa

Yangi O‘zbekiston va BMT: barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik

Insoniyat o‘z taraqqiyot yo‘lining tub burilish davrini boshidan kechirmoqda, xalqaro munosabatlarning tabiati keskin o‘zgardi. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga transmilliy tahdidlar tobora kuchaymoqda. Iqlim o‘zgardi, ommaviy migrasiya oqimi kuchaydi.

Bunday sharoitda davlatlar va xalqaro huquqning boshqa sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikning o‘ziga xos forumi sifatida xalqaro tashkilotlarning, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning ahamiyati ortib bormoqda.

BMT ko‘p tomonlama diplomatiyaning eng maqbul vositasi bo‘lib, uning doirasida davlatlar xalqaro munosabatlarda hayotning ko‘plab muhim jabhalarini qamrab oladigan murakkab masalalarini hal qila oladi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining belgilovchi asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida BMT bilan hamkorlik yanada kengayib, eng avvalo, barqaror rivojlanish sohasidagi milliy vazifa va maqsadlarni ro‘yobga chiqarish maqsadida misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqanini ta’kidlash lozim.

Mazkur mustahkam siyosiy-diplomatik pozitsiya davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surilgan global va mintaqaviy ahamiyatga ega tashabbuslarda yana bir bor o‘z ifodasini topdi.

“Jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilmoqda. Global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchaydi. Bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘lmoqda. Hatto iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka qarshi kurash singari butun bashariyat taqdiriga daxldor bo‘lgan masalalarda ham o‘zaro muloqot izdan chiqqani sezilmoqda” dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Dunyoda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayoni va xalqaro munosabatlar tizimida fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgani insoniyat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, o‘zida turli tahdid va xavf-xatarlarni ham namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida yangi sharoitda BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalarining ahamiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etib, O‘zbekiston shu yo‘lda BMT institutlari va barcha davlatlar bilan keng ko‘lamli va uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidladi.

Sh.Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqi O‘zbekiston - BMT munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berdi.

Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston va BMT birgalikda qariyb 140 ta dastur va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshiryapti. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi, Orolbo‘yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda.

Bundan keyin ham O‘zbekiston Respublikasining jahondagi yirik xalqaro tashkilot -- BMT bilan munosabatlari tenglik va manfaatli sheriklik asosida rivojlanib boraveradi.

Shuhrat Rahmonov,

TDYUU dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.

O‘zA