Oxirgi daqiqa

Ipak yo‘lidagi abadiy do‘stlik

Poytaxtimizdagi “InterSontinental Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan “Mehmondo‘st Shandun – ipak yo‘lidagi abadiy do‘stlik” nomli fotosuratlar ko‘rgazmasi ish boshladi.

Tadbirning ochilishida yurtimizda bo‘lib turgan Xitoy Kommunistik partiyasi Shandun muzofoti qo‘mitasi kotibi Lin U boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda mamlakatimizdagi vazirlik, idoralar xodimlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasidagi munosabat, an’anaviy o‘zaro do‘stlik rishtasi ulanishi tarixi uzoq o‘tmishga – mamlakatlarimizni “Buyuk ipak yo‘li” birlashtirgan davrlarga borib taqaladi. Bugungi kunda ham mamlakatlarimiz o‘zaro hurmat, teng huquqlilik asosida faol muloqot olib bormoqda. Siyosiy, iqtisodiy, ayniqsa, madaniy-gumanitar aloqalar ishonch, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyili asosiga qurilgan.

2022 yil 24-28 oktyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan IX Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesida xitoylik rassom L.Li asarlari namoyish etildi. Joriy yil may oyida Pekinda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri gastroli tashkil etildi. O‘zbekiston xalq artisti R.Usmonov 2023 yil may oyida Sian shahrida tashkil etilgan davlat rahbarlari sammiti doirasida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo va Xitoy xalqlari do‘stligi” festivalida ishtirok etdi.

“Mehmondo‘st Shandun – ipak yo‘lidagi abadiy do‘stlik” nomli fotoko‘rgazma ham madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan. Namoyishga qo‘yilgan Shandunning tabiati, keng hududiy imkoniyati, xalqining yashash tarzi, an’ana va madaniyati, urf-odati aks ettirilgan ishlarning barchasi Markaziy Osiyo ijodkorlari tomonidan olingan.

Ko‘rgazmada Shandun muzofotining o‘ziga xos hunarmandlik namunalari – qo‘l mehnati bilan yasalgan buyumlar, turli o‘yinchoqlar va boshqa qiziqarli mahsulotlar ham namoyish etilgan.

Go‘zal Sattorova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA