Oxirgi daqiqa

II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” yuqori saviyada o‘tkaziladi

Mamlakatimizda milliy hunarmandchilik, xalq amaliy san’atini rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini saqlab qolish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Shu sabab dunyoda o‘zbek hunarmandlari yaratgan mahsulot va buyumlarga bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda.

Shunga ko‘ra, joriy yil 21-23 sentyabr kunlari Qo‘qon shahrida II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va unga uyg‘un holda “Xalqaro kulolchilik forumi” o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur festival va forum xususida “Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati rahbari Nilufar Hotamova quyidagilarni gapirib berdi.

–Mazkur tadbirlar davlatimiz rahbarining 2018 yildagi “Xalqaro hunarmandchilik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 23 avgustdagi “Xalqaro kulolchilik forumi va kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Ushbu xalqaro tadbir xalqimizning qadimiy tarixi va madaniy hayotini har tomonlama keng yoritish, ko‘p qirrali o‘zbek milliy hunarmandchiligini namoyish qilish, uning noyob namunalarini targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda turli xalqlar o‘rtasida tajriba almashish, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, madaniy aloqalarni xalqaro miqyosda kengaytirish, hunarmandchilik an’analari va maktablarini saqlash va qayta tiklash maqsadida o‘tkazilmoqda.

Xalqaro miqyosdagi mazkur tadbirning Qo‘qon shahrida o‘tkazilayotgani bejiz emas. Chunki ushbu shahar qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Ustoz-shogird an’analari, hunarmandlarning oilaviy sulolalari uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda.

Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivolanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda. Aytish lozimki, 2019 yilda Birinchi “Xalqaro hunarmandchilik festivali”da 78 ta mamlakatdan 570 nafar ishtirokchi, yurtimizning 14 ta hududidan esa 1 ming 200 nafar mahalliy hunarmandlar ishtirok etgan. Shu bilan birga, bir milliondan ortiq tashrif buyuruvchi va xorijiy sayyohlar kelgan.

Ushbu nufuzli tadbirning o‘tkazilishi natijalariga ko‘ra Qo‘qon shahriga sayyohlar oqimi 10 barobarga, hunarmandlar soni 3,5 barobarga, mehmonxonalar 2,5 barobarga oshdi. Jahon hunarmandchilik kengashining 2019 yil 23 iyuldagi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon shahriga yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha Hunarmandchilik shahri maqomi berilgan.

Shundan so‘ng, Hunarmandchilik shahri maqomi Buxoro hamda Marg‘ilon shaharlariga ham berilgan. Xalkaro tashkilotning bunday e’tirofi yurtimizda hunarmandchilik qadimdan boy an’analar asosida rivojlanib kelayotganini ko‘rsatadi. 2020 yilda Butunjahon Hunarmandlar kengashi – Osiyo va Tinch Okeani mintaqasining 2021-2024 yillar Prezidentligi O‘zbekistonga topshirildi. Ushbu xalqaro tashkilotning Osiyo va Tinch Okeani mintaqasi bo‘yicha ofisini O‘zbekistonga olib kelish va nufuzli tadbirlarni yurtimizda o‘tkazish mamlakatimizda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va mavqeini oshirishga xizmat qilmoqda.

II “Xalqaro hunarmandchilik festivali” va unga uyg‘un holda Rishton tumanida “Xalqaro kulolchilik forumi” o‘tkazilishi uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ikkinchi “Xalqaro hunarmandchilik festivali”ga iqtidorli hunarmandlar va iste’dodli yoshlarni jalb qilish maqsadida “Men Qo‘qonga boraman” shiori ostida ikki bosqichdan iborat ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov tashkil etiladi.

Xalqaro hunarmandchilik festivalida 70 ta davlatdan 200 nafar xorijiy ishtirokchi qatnashadi. Shuningdek, mamlakatimizning 14 hududidan 100 nafar kulol ishtiroki ko‘zda tutilgan.

Festival doirasida bir qator tadbirlar, festival ishtirokchilarining tantanali yurishlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, ilmiy-amaliy konferensiya, festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, moda haftaligi, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovlari, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahorat darslari, zamonaviy o‘zbek milliy hunarmandchiligi va amaliy san’ati va hunarmandlar ijodiga bag‘ishlangan kitob-albomi taqdimoti, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma savdosi, mohir kulollar shahri Rishton hamda Furqat tumani bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.

Bugungi kunda Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivalini yuqori saviyada o‘tkazish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, xorijiy mehmonlar va festival ishtirokchilari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan tarixiy obidalar, Qo‘qon milliy hunarmandchiligi namoyandalarining uy ustaxonalari, madaniy dam olish maskani festival ishtirokchilari va mehmonlar tashrifi uchun tayyorlanmoqda. Festival tadbirlarini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, usta-hunarmandlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh san’atkorlar jalb etilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA