Tashrifning birinchi kunida delegatsiya tomonidan Turkiya davlatining Sarıkoç Holding kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvda Navoiy viloyatining investitsiyaviy va turizm salohiyati hamda tabiiy qazilma boyliklari to‘g‘risida taqdimot qilindi. Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, joriy yil yakuniga qadar Navoiyda O‘zbekiston –Turkiya biznes-forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Shuningdek, Sarıkoç Holding kompaniyasi tomonidan Konimex tumanida donador fosforit qazib olish va qayta ishlash hamda tekstil va to‘qimachilik sanoatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, viloyat delegatsiyasi vakillari tashrif doirasida Turkiya davlatining Orbak Metal Industry, Lidya Granit Mermer, KNDF Group, “TIW Company” kompaniyalari bilan ham muzokaralar olib bordi.
Xususan, Orbak Metal Industry kompaniyasi tomonidan Navoiy shahrida vodorod peroksidi ishlab chiqarish, Lidya Granit Mermer kompaniyasi tomonidan viloyatda marmar va granit qazib olish va qayta ishlashni tashkil etish, KNDF Group kompaniyasi tomonidan turizm sohasida loyihalarni amalga oshirish hamda “TIW Company” kompaniyasi tomonidan qishloq joylarda arzon uy-joylar qurish loyihalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Viloyat delegatsiyasi vakillari, shuningdek, Istanbul sanoat va erkin savdo zonasi (Desbash)da bo‘lib, bu yerdagi mavjud imkoniyatlar bilan tanishdi.
1994 yilda tashkil etilgan Istanbul sanoat va erkin savdo zonasi Turkiyadagi xususiy sektor yerlarida tashkil etilgan birinchi erkin hudud hisoblanib, 90 milliard AQSH dollarilik umumiy savdo hajmi bilan Turkiyadagi erkin zonalar orasida birinchi o‘rinda turadi.
Ushbu zonada asosan quyosh energetikasi, avtomobilsozlik sanoati, dengiz transporti ehtiyot qismlari, mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, kosmetika kabi sohalarda korxonalar faoliyat yuritadi. Bugungi kunda ushbu zonada 300 dan ortiq kompaniya va 6000 dan ortiq kishi faoliyat yuritmoqda.
2018 va 2019 yillarda sanoat va erkin savdo zonasidagi o‘rtacha yillik savdo hajmi 2,3 milliard dollarni tashkil etgan.
Ushbu sanoat va erkin savdo zonasida asosan quyosh energetikasi, avtomobilsozlik sanoati, dengiz transporti ehtiyot qismlari, mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, kosmetika kabi sohalarda korxonalar faoliyat yuritadi.
Shuningdek, elektr, tabiiy gaz, tozalash, chiqindilarni qayta ishlash, xavfsizlik, saqlash, oziq-ovqat mahsulotlarini ta’minlash, texnik xizmat ko‘rsatish, yuklash, tushirish, o‘lchash kabi barcha infratuzilma va boshqaruv xizmatlari ham mavjud.
Erkin zonada faoliyat yuritadigan korxonalar soliq imtiyozlaridan keng foydalanib, yuridik shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, xodimlarning ish haqi, bojxona to‘lovlari va QQSdan 100 foiz ozod qilinadi.
Viloyat delegatsiyasi Istanbul sanoat va erkin savdo zonasida investorlar uchun yaratilgan sharoitlar, infratuzilmaga ega yer maydonlari, binolar, yopiq maydonlar, umumiy va shaxsiy omborlar, ofislar va ochiq aksiyadorlik maydonlari bilan ham tanishdi.
Shuningdek, tashrif davomida delegatsiya a’zolari yuqori sifatli va ekologik toza mebel ishlab chiqaruvchi ikki korxona faoliyati bilan ham tanishdi.
Xususan, “GABBA” kompaniyasi 1990 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kompaniya o‘z mahsulotlarini 70 dan ortiq mamlakatga eksport qiladi. Korxonaning dunyo miqyosida 100 dan ortiq davlatda savdo uylari, Turkiyada esa 50 dan ortiq shou-rumlari mavjud. 350 nafardan ortiq ishchi-xodim faoliyat yuritadi.
Yana bir yirik kompaniya – 1988 yilda tashkil etilgan “iDOL” korxonasida ham bo‘lishdi. Korxona yarim asrlik sanoat tajribasiga ega. Korxonada ishlab chiqariladigan mahsulotning 70 foizi 60 ta davlatga eksport qilinadi. Ushbu kompaniyaning ham 100 dan ortiq davlatda savdo uylari mavjud.
Navoiy viloyati delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga bo‘lgan xizmat safari davomida Denizli viloyatiga ham tashrif buyurildi.
Denizli viloyati rahbariyati bilan uchrashuv davomida ikki viloyatning iqtisodiyoti, sanoati hamda boshqa sohalari bir-biriga juda yaqinligi qayd etildi.
Ikki hududning o‘zaro aloqalarini mustahkamlash maqsadida Navoiy va Denizli viloyatlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish va har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birodarlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, qisqa muddatlarda Denizli viloyati delegatsiyasining Navoiy viloyatiga tashrifini amalga oshirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyati delegatsiyasi Denizli savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston – Turkiya biznes forumida ham qatnashdi.
O‘zbekiston – Turkiya ishbilarmon doiralarining o‘zaro aloqalarini jadallashtirishga qaratilgan ushbu forumda turli sohalarga oid 100 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida Navoiy viloyatining investitsiyaviy, sanoat, savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatlari to‘g‘risidagi taqdimotlar namoyish etildi hamda turk ishbilarmon doiralari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Turkiya kompaniyalari vakillari bilan G2B, B2B formatida muzokaralar bo‘lib o‘tdi va Navoiy viloyatida bir nechta istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Delegatsiya a’zolari Denizli shahridagi “ER-BAKIR” korxonasiga tashrif buyurib, kompaniya boshqaruvi kengashi raisi Sedat Erikog‘lu bilan uchrashdi.
Ma’lumot uchun aytish joizki, ushbu kompaniya 1981 yilda tashkil topgan bo‘lib, mahsulotlari AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi 50 dan ortiq mamlakatga eksport qilinadi. Aviatsiya, mudofaa, temir yo‘l, tibbiyot kabi ko‘plab sohalar uchun mis, mis qotishmasi va alyuminiy o‘tkazgichlar yetkazib beruvchi yirik kompaniya hisoblanadi.
Tashrifning keyingi manzili “Altınbaşak Tekstil” kompaniyasi bo‘ldi. Safar doirasida Navoiy viloyati delegatsiyasi vakillari boshqaruv raisi Mexmet Chalishkan bilan uchrashib, kompaniya faoliyati bilan tanishdi.
Ushbu kompaniya 1971 yilda tashkil etilgan. Bu yerda to‘qimachilik mahsulotlari, shu jumladan, sochiq, xalat, ko‘rpa-to‘shak va boshqa mato turlari ishlab chiqariladi. Korxonaning turli mamlakatlarda 80 dan ortiq savdo uylari mavjud.
Muxtasar aytganda, Navoiy viloyati delegatsiyasining Turkiya Respublikasiga amaliy tashrifi o‘zaro samarali uchrashuvlarga boy bo‘ldi. Muhimi, muzokaralar olib borilgan korxonalar bilan manfaatli kelishuvlarga erishildi.
O‘zA