Oxirgi daqiqa

Istanbulda O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Kuni kecha Istanbul shahrida O‘zbekistonning turistik salohiyatini namoyish etishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi.

«Rocket DMC Uzbekistan» kompaniyasi tomonidan Turkiya sayohat agentliklari assotsiatsiyasi (TÜRSAB) ko‘magida tashkil etilgan taqdimotda 60 dan ortiq turk turistik agentlik va 10 ta OAV vakillari ishtirok etdi.

«Rocket DMC Uzbekistan» kompaniyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, «TÜRSAB» assotsiatsiyasi binosida o‘zbekona tavoze, mehmondo‘st xalqimizning betakror an’analari, ohangrabo go‘zal san’atimiz hamda milliy oshxonamiz taomlariyu, quyoshli o‘lkamizning mazali yeguliklari namoyish etildi.

Shuningdek, tadbirda asosiy e’tibor «Rocket DMC Uzbekistan» kompaniyasining tur-paketlari haqida ma’lumotlar taqdimotiga qaratildi. Unda O‘zbekistonga sayohat qilishning afzalliklari va turistlar uchun yaratilayotgan sharoitlar to‘g‘risida atroflicha tushuntirib berildi. Butun dunyo sayyohlari uchun sevimli maskanga aylanib ulgurgan «Silk Road Samarkand» turistik markazi bilan ham tanishtirildi. Bundan tashqari, turistlarga parvozlar va aeroport xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Air Samarkand» va «Air Marakanda» kompaniyalarining jozibador takliflari haqida ham so‘z bordi.

– Taqdimotni o‘tkazishdan maqsad kompaniyamiz va mamlakatimiz turistik imkoniyatlarini turk hamkasblarimizga kengroq ko‘rsatib berishdir. Yuzma-yuz uchrashuvlarimizdan keyin O‘zbekistonga turk turistlari soni yanada ko‘payadi, deb umid qilamiz. Biz «Air Samarkand» kompaniyasi bazasida ikki-uch xil xizmatlarimizni taklif qilmoqchimiz, bu esa Istanbul – Samarqand parvoz yo‘nalishining yanada ommalashishiga imkon yaratadi. Uchrashuvlarimiz ancha foydali o‘tdi, xususan, turk hamkasblarimiz bizlarga ziyorat turizmi bo‘yicha ham dastur tayyorlash uchun bir nechta takliflar berdi, – dedi «Rocket DMC Uzbekistan» bosh direktori Nigina Muxtorova.

Taqdimot yakunida tomonlar o‘rtasida B2B formatdagi uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusi hamkorlik rejalari belgilab olindi.

N.Ziyodullayeva, O‘zA