O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-apreldagi «Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, amaliyotda ilmiylikni oshirish, nazariya bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida 11 ta oliy ta’lim muassasasi rahbarlari hamda hududlardagi 30 ta tuman hokimlari tomonidan turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga qaratilgan «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.
Shu yo‘nalishda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar tomonidan turizm sohasini rivojlantirish maqsadida qanday harakatlar olib borilmoqda?
Mavzu doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Turizm kafedrasi professori Alisher ESHTAEVning fikrlariga qiziqdik.
– Yurtimizda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan bir qator ustuvor vazifalar belgilangan, – deya fikrini boshlaydi Alisher Eshtayev. – Xususan, davlatimiz rahbari Samarqandda bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkilotining 25-sessiyasida 2023-yilda mamlakatimizga jami 7 million nafar sayyoh tashrif buyurishi, ushbu ko‘rsatkichni 2030-yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazish reja qilinganini bildirgan edi. Shuningdek, turizmni 2030-yilgacha kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiyada zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilishi, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan yangi avtomobil va temir yo‘llar qurilishi, aviatransport parki 2 barobar kengaytirilishi, aviaqatnovlar soni to‘rt barobar oshirilishi haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasteri tashkil etilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Albatta, bu topshiriqlarning ijrosini ta’minlashda hududlarning turizm salohiyatidan, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm resurslaridan samarali foydalanish, yangi turizm mahsulotlari va yo‘nalishlar yaratish muhim ahamiyatga ega. O‘tgan davr mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizm sohasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, hududga 2023-yil xorijdan 114 ming 683 nafar turist tashrif buyurib, 1 million 44 ming nafar mahalliy turistlarning sayohati amalga oshirilgan. Ushbu davrda 25 million 665 ming AQSH dollariga teng turizm xizmatlari eksporti amalga oshirildi. Hududga xorijdan tashrif buyurgan turistlarni davlatlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, asosan Rossiya, Qozog‘iston, Fransiya, Turkiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, AQSH va Xitoydan kelganini kuzatish mumkin.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasiga turistlarni keng jalb qilish uchun yana nimalarga e’tibor qaratish lozim?
– Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga binoan, amaliyotda ilmiylikni oshirish, nazariya bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yish maqsadida 11 ta oliy ta’lim muassasasi rahbarlari hamda hududlardagi 30 ta tuman hokimlari tomonidan turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish yo‘lida «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga biriktirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxtako‘pir, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchi va iqtidorli talabalar tomonidan soha bo‘yicha izchil harakatlar olib borilmoqda.
Tadqiqotlar natijasida ushbu tumanlarda turizm sohasini rivojlantirish uchun bir qator ishlarni amalga oshirish lozimligi aniqlandi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda turizm marshrutlari tashkil qilish lozim. Masalan, Xo‘jayli tumaniga deyarli xorijlik turistlar borishi qulay emas. Borganlari ham faqat Mizdaxkan o‘rta asr shahri yodgorligi, Mazlumxon-sulu, Yerejep Xalifa va Shamun-nabi maqbarasida bo‘ladi. Marketing tadqiqotlari natijasiga ko‘ra, tumanda ziyorat, arxeologik va gastronomik turizmni rivojlantirishga e’tibor qaratish, nomavsumiy davrlarda ham turli tadbirlarni tashkil qilish lozim.
Ma’lumki, ziyorat turizmini ilmiy asoslangan holda targ‘ib qilish maqsadida o‘tgan yili Buxoroda Naqshbandiya festivali, Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi, Mir Arab madrasasining 500-yilligiga bag‘ishlangan «Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni» mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Shuningdek, Termiz shahrida «Imom Buxoriy, Dorimiy va Termiziy: muhaddislikning Movarounnahr maktabi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etildi. Unda Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Jazoyir, Kuvayt, Marokash, Qatar, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Singapur, Malayziya, Indoneziya kabi 30 ga yaqin xorijiy davlatlar olimlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, OAV vakillari tashrif buyurgan edi.
Shu kabi imkoniyatlarni hisobga olib aytish mumkinki, Xo‘jaylida ziyorat turizmni yo‘lga qo‘yish uchun turizm kontentlari mavjud. Tumanda turizm infratuzilmasi sifatli faoliyat olib borishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq. U yerda bugungi kunda «Xo‘jayli» hostel (20 o‘rinli) va oilaviy mehmon uylari faoliyat olib boradi. Hosteldagi xizmatlar sifati ham talab darajasida emas, qolaversa, xorijlik turistlar Nukus shahridagi mehmonxonalarga joylashayotgani tufayli deyarli bu hostelga kelmaydi. Shu bois, avvalo, oilaviy mehmon uylarini yanada ko‘paytirish lozim.
Taxtako‘pir tumanidagi Qarateran ko‘li, Aydos qal’a, Baraktam-1, Baraktam-2, Jaman qal’a, Qorg‘ancha qala, Qos minar, Qыlыsh qal’a, Mexterqal’a, Taq minar yodgorliklarining talabga javob bermasligi va Nukusdan yiroqligi sababli u yerga ham xorijliklar deyarli bormaydi.
Ushbu obyektlarda arxeologik turizmni yo‘lga qo‘yib, cho‘l hududlarida «safari», «ralli» va ekstremal turizmni rivojlantirish mumkin. Shuningdek, tumanda joylashgan Qarateran ko‘lida 10 ga yaqin baliq turi, noyob o‘simlik va qushlarning mavjudligi ovchilik (baliqchilik) ekologik turizmni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Qarateran ko‘lidan 30 metr uzoqlikda bir nechta buloq joylashgan bo‘lib, ularning suvi sog‘lomlashtirish turizmini yo‘lga qo‘yishda qo‘l keladi. Qolaversa, turistlarni cho‘l landshafti, ekologik, rekreatsion turizm yo‘nalishlari bo‘yicha jalb qilish choralarini ko‘rish lozim.
Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (oldingi «Baday-to‘qay» davlat qo‘riqxonasi) – Sulton Uvays tog‘ tizmasi etagi va Qoratov tog‘ining o‘ng tarafi, Amudaryoning o‘ng sohilida xorijiy va mahalliy turistlar uchun ekoturlarni tashkil etish lozim.
Taxtako‘pir tumaniga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda 1 ta oilaviy mehmon uyi bor. Tumandagi turistik obyektlar turizm marshrutlariga kiritilmaganligi uchun tashriflar deyarli yo‘q.
Ellikqal’a, Xo‘jayli va Taxtako‘pir tumanlaridagi noyob turizm resurslari ro‘yxatini darajasi bo‘yicha tuzish va UNESCO ro‘yxatiga kiritish bosqichlari bo‘yicha dasturni shakllantirish lozim. Tahlillarga ko‘ra, Ellikqal’aga yiliga o‘rtacha 25-30 ming xorijlik keladi. Ularning aksariyat qismi Ayozqal’a va Tuproqqal’aga boradi.
Qisman xorijlik turistlar Buran, Burli, Dumanqal’a, Jeldikqal’a, Kichik Qirqqiz qal’a, Qavatqal’aga boradi. Xorijliklarning 90 foizi Xorazm viloyati orqali tashrif buyurmoqda, ular tumanda bor-yo‘g‘i 4-5 soatgina bo‘ladi. Turistlarning hududda qolish muddatini uzaytirish maqsadida ularning oqimini Nukus shahri orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bu esa o‘z-o‘zidan yangi turizm yo‘nalishlarini ishlab chiqishni talab qiladi.
Ellikqal’a tumanida «Aqchako‘l» turistik rekreatsion zonasini tashkil etish Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari diversifikatsiyasi kengaytirilishiga olib keladi. Tahlillarga ko‘ra, ushbu hududda ekoturizm maskanlari, sihatgoh, turli xizmat ko‘rsatish va madaniy ko‘ngilochar obyektlarni tashkil etish hamda gastronomik va ov (baliq ovi) turizmini rivojlantirish uchun infratuzilmaning imkoniyatlari yetarli. Oxirgi izlanishlar natijasida hududda yuqoridagi kabi infratuzilma obyektlarini joylashtirish mumkin bo‘lgan 72 ta nuqta topildi. Ushbu nuqtalar joylashuv, boshqaruv va qulaylik nuqtayi nazaridan ham ma’qul. Shuningdek, hududda amfiteatr va mehmonxona xizmatlarini tashkil qilish imkoniyati yuqori.
Ellikqal’a tumanida klasterni rivojlantirishning asosi qilib olinayotgan rekreatsion-sog‘lomlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha imkoniyatlarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, sanatoriy va sog‘lomlashtirish obyektlarining nisbatan rivojlangan infratuzilmasi bor. Bu yerda bugunga qadar ham faoliyat yuritib kelgan sanatoriylar va boshqa rekreatsion markazlar mavjudligi turistlar va mehmonlar xabardorligini oshirishga yordam beradi. Xususan, “Aqchako‘l” turistik rekreatsion-sog‘lomlashtirish klasterini davlat-xususiy hamkorlik tamoyillari asosida tashkil etish uning tezroq rivojlanishiga yordam beradi.
Shuningdek, hududda sog‘lomlashtirish turizmi, madaniy, suv va sarguzashtli turizmni rivojlantirish uchun ham infratuzilma elementlari bor. Bundan tashqari, respublikamizning boshqa hududlariga qaraganda yetarli darajada rivojlangan turar joy tizimining mavjudligi (ko‘l bo‘yidagi mehmonxonalar, milliy uylarda tashkil qilingan mehmon uylari) ham ayni muddao. Bu kabi imkoniyatlardan foydalanish orqali raqobatbardosh turizm mahsulotlarini ishlab chiqarish va infratuzilmani takomillashtirish mumkin.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, klaster tizimini tashkil etishda kurort va sohilbo‘yiga ega davlatlar tajribasidan foydalanish mumkin. Bunga Turkiya, BAA, Gruziya kabi bir necha davlatlarni misol qilib olishimiz va yetakchi mutaxassislarni jalb qilish lozim. Klaster mintaqa raqobatbardoshligini ta’minlash uchun, ya’ni o‘n, yigirma yil va undan ko‘proq davrda turizm tashkilotlarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani yaratishda haqiqiy imkoniyatdir.
Masalan, Ellikqal’a tumanidagi Tuproqqal’a arxeologik yodgorligini turizm obyektiga aylantirish, «Tuproqqal’a etnomuzeyi»ni tashkil qilish ham ayni muddaodir.
Ellikqal’adagi mavjud resurslar aynan etnomuzey tashkil qilish imkoni yanada keng ekanini ko‘rsatadi. Etnomuzey kompleks shaklda, ya’ni, qadimda yashagan xalqning tarixiy qadriyatlari, hunarmandchilik namunalari, urf-odatlarini kuzatish, milliy taomlarini tayyorlash va tatib ko‘rishni o‘zida mujassamlashtiradi. Tuproqqal’a yodgorligi tarixiy ahamiyatini o‘rganish bo‘yicha ma’lumotlarni mujassamlashtirgan konteks hamda turizmni tashkil etishdagi barcha zaruriy xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Majmua Xorazmdan 30, Nukusdan 120 kilometr uzoqlikda joylashganligi ichki va xalqaro marshrutlardan foydalanishda qulaylik beradi.
Darhaqiqat, tahlillardan ma’lum bo‘ladiki, Qoraqalpog‘iston Respublikasining turizm salohiyatidan to‘liq foydalanilish, turizmning yangi marshrutlarini yaratib, innovatsiyalarni amaliyotda keng qo‘llash yuqori natijalarga olib keladi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV
yozib oldi.