Oxirgi daqiqa

Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy faoliyatiga oid anjuman

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Ab-u Rayhon Beruniyning ilmiy-ma’rifiy faoliyati hamda uning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Akademiyada tahsil olayotgan kursantlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, ularning tarixiy bilimlarini yanada mustahkamlash, buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati bilan kursantlarni yaqindan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Fanlar akademiyasi Ab-u Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimlari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda astronomiya, geografiya, geodeziya, minerologiya, farmakognoziya kabi fanlarning dunyo miqyosida qaror topishi, nazariy va amaliy shakllanishida Beruniyning xizmati beqiyos ekani, shu sababdan Beruniyning o‘z zamonasi va keyingi davrlardagi olimlarga ilmiy ta’siri kuchli bo‘lgani qayd etildi. Zamondoshlari va undan keyingi asrlarda yashab o‘tgan sharq mutafakkirlari, hattoki Yevropa olimlari ham Beruniyni o‘zlarining ustozi hisoblaganlari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakunda ma’ruzachi tomonidan kursantlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA