Oxirgi daqiqa

1-mart – o‘zbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiya Isroilova tavallud topgan kun

Salqin saharlarda, bodom gulida,

Binafsha labida, yerlarda bahor.

Qushlarning parvozi, yellarning nozi,

Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

O‘zbek xalqining sevimli shoirasi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova 1915-yil 1-martda Toshkentning O‘qchi mahallasida tug‘ilgan. U xotin-qizlar bilim yurtida o‘qib yurgan vaqtlaridayoq adabiy to‘garaklarga qatnashib, she’rlar mashq qiladi.

Zulfiyaning “Men ish qizi” nomli birinchi she’ri 1931-yil 17-iyulda “Ishchi” gazetasida bosilib chiqdi. “Hayot varaqlari” nomli ilk to‘plami o‘n yetti yoshida nashr etildi (1932).

1935-1938-yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot instituti aspiranturasida tahsil oldi.

1938-1948-yillarda nashriyotlarda muharrir, bo‘lim boshlig‘i, 1950-1953-yillarda esa “O‘zbekiston xotin-qizlari” jurnalida bo‘lim boshlig‘i, 1953-1985-yillarda esa bosh muharrir bo‘lib ishladi.

Zulfiyaning ijodiy kamolotida o‘zbek va rus klassiklari, xalq og‘zaki ijodiyoti va jahon adabiyoti an’analarining roli beqiyos bo‘ldi.

Shoira “Temiroy”, “She’rlar”, “Qizlar qo‘shig‘i” kabi poetik asarlarini ona Vatan va uning dala, cho‘llarida mehnat qilayotgan paxtakorlar, traktorchi qizlarning qaynoq hayotlariga bag‘ishlaydi. Ayni chog‘da, mazkur to‘plamlardagi she’rlari shoiraning mahorat sirlarini egallayotgan davrini xarakterlovchi asarlar sifatida ham muhim edi.

Urush vaqtida “Uni Farhod derdilar”, “Hijron kunlarida” kabi to‘plamlarining nashr etilishi Zulfiyaning peshqadam shoirlar qatoriga dadil kirib kelayotganligidan dalolat berdi. Bu to‘plamdagi she’rlar Vatanga muhabbat, dushmanga nafrat va g‘alabaga ishonch, yorga sadoqat ruhida yaratilgani bilan xarakterlidir.

Zulfiyaning “Mening Vatanim”, “Qo‘limda qurol-u ustimda shinel”, “Bizni kut” kabi umidbaxsh she’rlari urush davri o‘zbek she’riyatining jangovor ruhini ifodalovchi asarlar qatoridan o‘rin olgan.

Shoiraning urushdan keyingi yillarda yaratilgan “Dalada bir kun”, “Tong qo‘shig‘i” kabi she’rlar turkumi, shuningdek, “Hulkar”, “Men tongni kuylayman”, “Dugonalar bilan suhbat”, “Yuragimga yaqin kishilar”, “Gullarim”, “Tanlangan asarlar”, “Hayot jilosi”, “Kuylarim sizga”, “She’rlar”, “O‘ylar”, “Lolaqizg‘aldoq”, “Quyoshli qalam”, “Visol”, “Asarlar”, “Yillar, yo‘llar...” kabi to‘plamlarida Vatan madhi, mehnat jarayonida fidokorlik ko‘rsatayotgan kishilar hayoti jo‘shib kuylanadi.

Uning “So‘roqlaydi shoirni she’rim” (1960), “Oydin” (1953), “Quyoshli qalam” (1967) kabi ocherk va dostonlari Hamza, Oybek, Oydin, Hamid Olimjon kabi ustozlarning yorqin xotiralariga bag‘ishlangan.

Sen qaydasan yuragim?

Qalb bo‘lganda yiroqda

Iroda ekan ojiz.

Do‘stlar ham ko‘p atrofda,

Ammo men yakka-yolg‘iz…

Birdan qalbim keksarib,

Qon ham qochdi yuzimdan.

Sen, sirdoshni axtarib,

Xayol ketar izingdan.

Qayga ketding, yuragim,

Bitdi bardosh va toqat.

Suhbatingdir tilagim,

Tilda hasratim qat-qat.

Ko‘pdir aytajak so‘zim,

O‘gitlaringga zormen,

Yig‘laysan deb do‘stlarim

Ta’na qilar. Netay men?

Sovush bermaydi menga

Yoqib ketganing olov.

Netay, yetmayman senga,

O‘rtaga tashlangan g‘ov.

Ishqqa maskan yuragim,

Topib ber deb qistaydi.

Nima qilay, berahm-

Ruhim seni istaydi.

Zulfiya Hamid Olimjonning “Semurg‘”, “Zaynab va Omon” dostonlari asosida pesa va opera liberettosini ham yaratgan. “O‘ylar”, “Shalola” kabi she’riy to‘plamlari uchun Respublika Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

U o‘ttizdan ziyod she’riy va nasriy kitoblar muallifi. Badiiy ijod sohasidagi xizmatlari uchun Davlat mukofoti, 1968-yil Javoharla’l Neru nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlandi. Tinchlik va do‘stlikni tarannum etuvchi asarlari hamda taraqqiyparvar Osiyo va Afrika yozuvchilari harakatidagi faol ishtiroki uchun esa xalqaro “Nilufar” mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Shoira Hindiston, Shri-Lanka, Misr, Birma, Avstriya kabi mamlakatlarda bo‘ldi. U 1956-yilda Osiyo va Afrika yozuvchilarining Dehlida o‘tkazilgan birinchi konferensiyasida qatnashib, mashhur “Mushoira” asarini yaratdi.

Zulfiyaning o‘n beshga yaqin majmualari rus tilida chop etilgan. Uning asarlari ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, koreys, arab, fors, tojik, arman, qirg‘iz, tatar, turkman, boshqird, ozarbayjon va boshqa tillarga tarjima qilingan. Shoira N.Nekrasov, M.Lermontov, Vera Inber, Lesya Ukrainka, Edi Ognetsvet, Marvarid Dilboziy, Amrita Pritam asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Mustaqillik yillarida ibratli hayot kechirgan, keng ijtimoiy faoliyat olib borgan shoira Zulfiya betakror iste’dodi, Vatanga muhabbati, olijanob insoniy fazilatlari, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi xizmatlari uchun yuksak hurmat va e’zozga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston hukumati atoqli shoiraning madaniyatimiz taraqqiyotidagi katta xizmatlarini e’tiborga olib 1999-yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etdi.

Ardoqli shoira 1996-yilda olamdan o‘tdi.

Abdulaziz RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA