Oxirgi daqiqa

Zahiriddin Muhammad Bobur merosining millatlararo totuvlikni ta’minlashdagi o‘rni

Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan bebaho ilmiy-ijodiy meros nainki milliy madaniyatimiz va xalqimiz adabiy-estetik tafakkurining shakllanishida, balki jahon adabiyoti, ilm-fani va davlatchiligi tarixida alohida o‘ringa ega.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining millatlararo totuvlikni ta’minlashdagi o‘rni” mavzusidagi davra suhbatida shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Tadbirda Qo‘mita vakillari, olimlar, milliy madaniy markazlar raislari hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalari ishtirok etdi.

Millatlararo munosabatlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Azamat Toshev Zahiriddin Muhammad Boburning betakror she’riyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma’lumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari xususida atroflicha so‘z yuritdi. Bu asarlar yosh avlodni ona-yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekani alohida e’tirof etildi.

Boburning ijodiy merosini o‘rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni targ‘ib va tashviq qilish hamisha dolzarb bo‘lib kelgan.

Davra suhbatida Boburning hayoti va ijodiga oid yangi ma’lumotlar, adolatli shoh, buyuk shoirning asarlaridagi turli xalqlar tarixi, madaniyati va etnografiyasiga oid ma’ruzalari tinglandi.

Respublika ozarbayjon milliy madaniy markazi raisi Mobil Mammedov Bobur ilmiy adabiy merosining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni masalalari xususida so‘zladi. Bobur ijodida do‘stlik, adolat, insonparvarlik kabi umuminsoniy qadriyatlarning tarannum etilgani bugungi kun yoshlari tarbiyasida katta ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.

Davra suhbati ishtirokchilari Bobur asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy g‘oyalarning jahon tamaddunida tutgan o‘rni, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyati haqida gapirdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti dotsenti Otabek Alimardonovning “Boburnoma”ning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi xalq diplomatiyasi aloqalaridagi ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzasi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu kabi tadbirlar Bobur ijodini turli millat vakillari o‘rtasida targ‘ib etishda alohida ahamiyat kasb etishi bilan ahamiyatlidir.

N.Usmonova, O‘zA