Oxirgi daqiqa

Buxoro shahrida “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki barpo etiladi

Bundan ko‘zlangan maqsad aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, yuqori sifatli servis xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etish, tarixiy me’morchilik an’analarini davom ettirish, yashil bog‘lar va saylgohlarni ko‘paytirishdan iboratdir.

Buxoroda barpo etilishi rejalashtirilgan “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki konsepsiyasidan qanday loyihalar o‘rin olgan? Etnografik park shaharning qaysi hududida quriladi?

Bu haqda Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinov bizga so‘zlab berdi.

Tarixiy-etnografik park hududidan Buxoro an’anaviy me’morchiligi durdonalari va zamonaviy shaharsozlik uslublari uyg‘unligini o‘zida ifoda etgan ob’ektlar, jumladan, etnografik muzey, Buxoro vohasi uchun xos bo‘lgan tarixiy mahallalar, aholi uchun xizmat ko‘rsatuvchi choyxonalar va milliy taomlar tamaddixonalari, an’anaviy drenaj tizimlari – ariq va hovuzlar, hunarmandlar rastalari, zargarlik, zardo‘zlik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kulolchilik, naqqoshlik, pichoqchilik kabi amaliy san’at ustaxonalari o‘rin oladi.

Majmua markazida, shuningdek, musiqali favvora ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Etnografik park barpo etilishida xalqaro ekspertlar guruhi va mahalliy mutaxassislar jalb etiladi. Bu hududdagi barcha ishlar YUNESKO Bosh konferensiyasi tomonidan 1972 yil 16 noyabrda qabul qilingan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofazasi bo‘yicha konvensiya talablari asosida amalga oshiriladi.

O‘z o‘rnida qayd etish kerakki, bu loyiha asosida mo‘ljallangan hududning uchdan ikki qismida Buxoro aholisi va mehmonlar sayr qilishi uchun muhtasham saylgoh (yashil bog‘) bunyodga kelishi mo‘ljallangan. Bunda loyiha hududida “Yashil Buxoro” dasturiga muvofiq ilgari tashkil etilgan maydondagi daraxtlar va yashillik qiyofasi to‘liq saqlab qolinadi hamda yangi bog‘ bilan yanada boyitiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Boqiy Buxoro” tarixiy-etnografik parkining bunyod etilishi nafaqat yurtimiz ko‘p asrlik va boy madaniy-tarixiy qadriyatlarini jahon hamjamiyatiga keng tanitishga xizmat qiladi, balki shahardagi ekologik muvozanatni saqlab qolishga munosib hissa qo‘shadi.