Oxirgi daqiqa

IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi boshlandi

Toshkentdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi boshlandi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu biyennali "Globallashuv va milliy an’analarni asrash: tanlash imkoniyati" degan mavzuda bo‘lib o‘tmoqda.

Keyingi yillarda san’atning barcha yo‘nalishlari kabi tasviriy va amaliy san’at rivoji davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lmoqda. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur huquqiy asos, qulay imkoniyat va sharoitlar yaratildi.

Bunday imkoniyatlar samarasi o‘laroq, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi xalqimizni yuksak san’at namunalaridan bahramand etish uchun turli ijodiy loyihalar, Tasviriy va amaliy san’at haftaliklari, biyennalelar, xalqaro ko‘rgazmalarni muvaffaqiyatli o‘tkazib kelmoqda.

–Ushbu biyennaleni o‘tkazish uchun yil davomida ish olib borildi, – dedi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuriddinov. – Bu gal biyennaleda ishtirok etish uchun 13 ta davlatdan mehmonlar qatnashmoqda. Mazkur biyennale sababli O‘zbekistonda xalq amaliy san’atiga ko‘rsatilayotgan e’tiborni, bu boradagi barcha ezgu ishlarni dunyo miqyosida targ‘ib etish imkoni yaratildi. Ma’lumki, chetdan kelayotgan hamma narsani san’at sifatida qabul qilib bo‘lmaydi. San’atda milliylikni saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi. Biz xorijliklarning ijodiy ishlarini ko‘rmasdan turib, o‘zimizga baho bera olmaymiz. Badiiy akademiyaning asosiy maqsadi hamyurtlarimizning estetik didini shakllantirish ekan, bu borada ana shunday biyennalelar, yirik xalqaro anjumanlar, haftaliklar muhim o‘rin tutishi shubhasiz.

IV Toshkent xalqaro amaliy san’at biyennalesi "Globallashuv va milliy an’analarni asrash: tanlash imkoniyati" nomli ko‘rgazma bilan boshlandi. Darhaqiqat, bugungi kunda kechayotgan shiddatli globallashuv jarayoni nainki odamlarning ongu tafakkuri, turmush tarzi, balki milliy san’atimizga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.

Ayni paytda san’atimizdagi milliylikni saqlab qolish esa o‘zimizga bog‘liq. Ko‘rgazmadan o‘rin olgan amaliy san’at namunalari har bir tomoshabinni shunday fikr yuritishga undashi tabiiy.

Nazokat Usmonova,

Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA