Oxirgi daqiqa

Yevropa kinofestivali o‘zbek tomoshabinlariga sovrindor filmlarni namoyish etadi

Joriy yilning 1-5 oktyabr kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida 8-Yevropa kinofestivali bo‘lib o‘tadi.

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida o‘tkaziladigan ushbu Yevropa kino taqdimoti dasturidan Avstriya, Belgiya, Xorvatiya, Estoniya, Finlyandiya, Fransiya, Germaniya, Vengriya, Italiya kabi mamlakatlarlarning sara kinoasarlari o‘rin olgan.

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianning ta’kidlashicha, kinofestivalda Yevropa yakdilligini ifoda etuvchi 15 ta turli janrdagi film namoyish etiladi.

– Mazkur filmlar asliyat tilida, subtitrlar bilan taqdim etiladi va ularni tomosha qilish bepuldir. Aytish kerakki, Yevropa kinofestivali kino muxlislari uchun uzoq kutilgan voqea, u madaniyatlarni birlashtiradi va ufqlarni kengaytiradi. Ahamiyatlisi, 2023 yilgi festival dasturi global va Yevropa miqyosidagi ijtimoiy muammolarning keng ko‘lamini tadqiq etuvchi, e’tirof va sovrinlarga sazovor bo‘lgan filmlarni qamrab oladi. Ularning barchasi O‘zbekiston uchun ham dolzarb. So‘nggi yillarda festival O‘zbekistonning yetti hududini qamrab olib, 20 ming tomoshabin qalbidan o‘rin oldi. Unda 20 Yevropa mamlakatidan 90 ta film tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan edi,– dedi Sharlotta Adrian.

N.Ziyodullayeva, O‘zA