Oxirgi daqiqa

Dunyo hunarmandlari Qo‘qonda jam bo‘ldi

Qo‘qon shahrida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivali va Rishton tumanidagi Xalqaro kulolchilik forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Dunyoda latif shahar maqomiga ega yagona kent – Qo‘qon bugun har qachongidan-da maftunkor. Bu yerga kelgan kishi xuddi ertaklar olamiga tushib qolgandek bo‘ladi. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Ho‘qandi latif ko‘hna tarix va zamonaviy taraqqiyotning mezon va an’analarini o‘zaro uyg‘unlashtirib, bir paytning o‘zida ham sharqona latofati, ham bugungi dunyo tamadduniga hamohang hashamati bilan jahon hamjamiyatini o‘ziga qaratmoqda.

O‘zbek xalqi kundalik hayotining ajralmas qismi bo‘lgan hunarmandchilik san’ati, xususan, yog‘och o‘ymakorligi, ganchkorlik, kulollik, to‘qimachilik, zardo‘zlik, sozgarlik, kandakorlik, zargarlik necha-necha ming yillik tarixga, o‘ziga xos ijodiy maktab va an’analariga, atoqli namoyandalariga ega. O‘zbekistonlik ustalar tomonidan tayyorlangan ko‘plab badiiy hunarmandlik va amaliy san’at mahsulotlari bugungi kungacha dunyoning mashhur muzeylarida saqlanishi ularning jahon xalqlari tarixida muhim o‘rin egallaganidan dalolat beradi.

Shunday omillar sabab bo‘lsa kerak, bu noyob san’atning ko‘plab yo‘nalishlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan, ularga izdosh va voris bo‘lgan iste’dodli hunarmandlar doimo el-yurt orasida hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lib, “usta”, “ustazoda” degan sharafli nomlar bilan e’zozlanadi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng milliy madaniyatimizning barcha sohalari qatori hunarmandlikni, uning an’analari va maktablarini tiklash, rivojlantirish va targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratildi. Keyingi yillarda ana shu boy madaniy merosimizni asrab-avaylash, xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, bu borada tarixiy an’analarni izchil davom ettirib kelayotgan mohir ustalarning mashaqqatli mehnatini munosib qadrlash, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilinib, ularga yangi imkoniyat va imtiyozlar yaratildi.

Bunday amaliy sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda milliy hunarmandchilik san’ati jadal rivojlanib bormoqda. O‘zbek milliy hunarmandchiligi markazi bo‘lgan Farg‘ona viloyati Marg‘ilonning atlas va adraslari, Rishtonning kulolchilik san’ati, Qo‘qonning yog‘och o‘ymakorligi va naqqoshlik maktablari bilan dunyoga mashhur. Marg‘ilon va unga tutash tumanlarda mato va gilam to‘qimachiligi, milliy libos va poyabzal tayyorlash bilan 3 mingga yaqin, Rishton tumanida an’anaviy kulolchilik bilan 5 mingdan ortiq, Qo‘qon shahri va unga tutash hududlarda yog‘och o‘ymakorligi, zargarlik kabi hunarmandlik turlari bilan 10 mingga yaqin oilalar shug‘ullanadi. Har yili mazkur sohada minglab yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

O‘tgan ikki yil davomida Farg‘ona viloyatidagi barcha shahar va tumanlarda jami 21 ta o‘zida “usta-shogird” an’analarini mujassam etgan zamonaviy “Hunarmandlar markazlari” qurib bitkazildi. Rishton tumanida to‘rtta kulolchilikka ixtisoslashgan hunarmandlar markazi barpo etildi, ikkita kulolchilik mahallasi tashkil etildi.

Bugun qo‘li gul usta va ustazodalar xalq hunarmandchiligining turli sohalarida qadimiy an’analarni zamonaviy tajriba va yangiliklar bilan uyg‘unlashtirgan holda katta yutuq va natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Milliy hunarmandchilik rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, iqtidorli shogirdlar tarbiyalab, o‘z ijodiy maktabini yaratgan zahmatkash ustalar rag‘batlantirilib, ularning mehnati alohida e’tirof etilayotir.

Hunarmandchilik xalqimiz kundalik hayotidan tobora mustahkam o‘rin egallamoqda. Ikkinchi bor tashkil etilayotgan xalqaro hunarmandchilik festivali soha vakillari uchun katta imkoniyat eshiklarini ochmoqda. Xususan, Ho‘qandi latifda yangi hunarmandchilik maktablari rivojlanmoqda.

Qo‘qon shahridagi O‘rda maydoni bugun yanada fayzli. Maydon markazida qurilgan, festival ruhiga hamohang bezatilgan amfiteatrga minglab nigohlar qadalgan. Xalqaro festivalning ochilish marosimiga yig‘ilgan odamlar chehrasidagi mamnunlik, xursandlik dillardan dillarga ko‘chayotgandek go‘yo. Ular orasida anjuman qatnashchilari va mehmonlari, mohir hunarmandlar, taniqli madaniyat arboblari, san’atshunos olimlar, chet ellik va mahalliy jurnalistlar, sayyohlar bor.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning II Xalqaro hunarmandchilik festivali ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari Odiljon Abdurahmonov o‘qib eshittirdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad Al Qaddumiy O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirish, ayniqsa, hunarmandlikni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani, xalqaro hunarmandlik festivali ana shu say’-harakatlarning yuksak namunasi ekanini qayd etdi.

Mazkur tadbirning Qo‘qon shahrida o‘tkazilishi farg‘onaliklarni behad mamnun qilmoqda. Ikkinchi bor o‘tkazilayotgan bu bayram keng miqyosli bo‘lib, unda 70 ta mamlakatdan davlat va jamoat arboblari, ustazoda hunarmandlar, xalq amaliy san’ati ustalari, mutaxassislar, soha olimlari, faxriy mehmonlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etmoqda.

2019 yilda ilk bor o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivalida Qo‘qon shahriga jahon hunarmandlar shahri maqomi berildi. Qo‘qon qadim-qadimdan hunarmandchilik rivojlangan madaniy markazlardan biri bo‘lib kelgan. Bu yerda hunarmandchilik va xalq amaliy san’atining turli yo‘nalishlari yuksak darajada taraqqiy etgan. Ustoz-shogird an’analari, hunarmandchilik bo‘yicha oilaviy sulolalar uning sir-asrorlarini ajdodlardan avlodlarga yetkazib kelmoqda. Bugungi kunda ham Qo‘qon shahrida hunarmandchilik an’analari izchil rivojlanmoqda. Xususan, yog‘och o‘ymakorligi, qog‘ozgarlik, chilangarlik, zargarlik kabi hunarmandchilikning ko‘plab turlari ravnaq topmoqda.

Aytish lozimki, 2019 yilda birinchi bor o‘tkazilgan xalqaro hunarmandchilik festivalida 78 ta mamlakatdan 570 nafar ishtirokchi, yurtimizning 14 ta hududidan esa 1000 dan ortiq mahalliy hunarmandlarimiz ishtirok etib, tadbirga bir milliondan ortiq tashrif buyuruvchi va xorijiy sayyohlar kelgan. Ushbu nufuzli tadbirning o‘tkazilishi natijalariga ko‘ra, Qo‘qon shahriga sayyohlar oqimi 10 barobarga, hunarmandlar soni 3,5 barobarga, mehmonxonalar 2,5 barobarga oshdi.

Shahar markazidagi salobatli maydon uzra yoqimli kuy taraldi. Bu ohang qalblarga singib, ko‘ngilning nozik torlarini chertadi. Yuraklarga hayajon, zavq soladi. Bu kuy sehri, nozli ohang shavqi, musiqa qudratining amaldagi ifodasidir.

Xalqaro hunarmandchilik festivalining ochilish marosimidagi mumtoz ashulalar, folklor namunalari, jahon musiqa va qo‘shiqchilik san’atining nodir namunalari, dilbar raqslar dillarni jo‘sh urdiradi. Tomoshabinlar yurakka yaqin qo‘shiqlarga jo‘r bo‘ladi, sho‘x kuy-navolardan zavqi oshib, raqsga tushadi.

Festivalga tayyorgarlik jarayonida Qo‘qonda keng ko‘lamli qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Tarixiy ziyoratgohlar, shahar ko‘chalari, bino-inshootlarda kapital ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shu tariqa ko‘hna kent bugun to‘liq yangicha qiyofada namoyon bo‘lmoqda.

Nufuzli tadbirga uyg‘un holda Rishton tumanida xalqaro kulolchilik forumi o‘tkaziladi. Tadbirning ilk kunida xorijlik va mahalliy soha vakillari ishtirokida “An’anaviy badiiy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirish sohasida jahon amaliyoti” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Festival doirasida bir qator tadbirlar, mahalliy va xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, festivalni o‘tkazish va yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanlari, etno-moda namoyishlari, xalq sayllari, qo‘g‘irchoqbozlik va dorbozlar tomoshalari, viloyatlar folklor jamoalari va madaniyat boshqarmalari konsert dasturlari, osh tanlovlari, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi, mohir kulollar shahri Rishton hamda Furqat tumani bo‘ylab sayohat o‘tkaziladi.

Tantanali marosim yurtimiz san’at ustalari, yosh ijrochilarining sho‘x va diltortar qo‘shiqlari bilan davom etdi. Qo‘qon osmoni uzra porlagan mushaklar dillarga quvonch, qalblarga shodumonlik bag‘ishladi.

Ushbu festival nafaqat ko‘p millatli xalqimiz, balki butun dunyo hunarmandlarining bayrami hamdir. Zero, festival ko‘lamining kengligi uning jahon xalqlari madaniyatini bog‘lovchi muhim ko‘prik bo‘lishidan dalolatdir.

Ma’sudjon Sulaymonov,

M.Qodirov(surat),

O‘zA muxbirlari.