Oxirgi daqiqa

Buxoro chinlik ijodkorlar nigohida

Keyingi yillarda yurtimizda turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida xorijiy turistlar oqimi sezilarli darajada ortib, jahon miqyosida ommaviy axborot vositalari vakillarini mamlakatimiz, jumladan, ko‘hna va boqiy Buxoroning turizm salohiyati bilan kengroq tanishish borasida qiziqishi ortmoqda.

Bu yo‘nalishda Turizm qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida Xitoyning taniqli ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlari uchun joriy yilning 3 - 4 sentyabr kunlari Buxoro viloyatiga press-tur tashkil etildi.

Maqsad O‘zbekistonning Xitoydagi turizm imidjini ilgari surish va mamlakatimizning turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish doirasida Xitoyning yirik telekanallari, ijtimoiy tarmoqlari, bosma va onlayn nashrlarida maqolalar chop etish hamda videolavhalar namoyish etishdan iborat.

Ijodiy guruh vakillari shaharning sayyohlik salohiyati to‘g‘risidagi ko‘rsatuv va targ‘ibot materiallarini tayyorlash maqsadida “Ark” qo‘rg‘oni, “Labi Hovuz” ansambli savdo toqlari va “Poyi Kalon” majmuasi, Ismoil Somoniy mavzesi kabi qator madaniy meros ob’ektlari hamda hunarmandchilik markazlarida bo‘ldi. Buxoroning yuksak turizm salohiyatini e’tirof etdi. Xorijlik ijodkorlar tomonidan mazkur sohada Buxoroda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va yangi turistik yo‘nalishlar haqida ijobiy taassurotlar bildirildi.

Shuningdek, xitoylik mehmonlar viloyatning diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohat qilish barobarida uning qadimiy boy tarixi, sayyohlik infratuzilmasi, milliyligi, madaniyati va serqirra gastronomik turizm an’analariga ham shaxsan guvoh bo‘ldi.

Aytish joizki, tasvirga olingan materiallar Xitoy Xalq Respublikasi ommaviy axborot vositalarida, qolaversa, butun dunyo bo‘ylab targ‘ib qilinadi. Bu tanishuv sayohati o‘z navbatida, kelgusida yurtimizga xorijiy sayyohlar qiziqishini yuksaltirish va ular uchun Buxoroga tashriflar amalga oshirishga imkon beradi.

Zarif Komilov, O‘zA